Mamlakatimizning yangi rivojlanish bosqichida barcha sohalar qatori atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiat resurslaridan, xususan, suvdan oqilona foydalanish, aholi foydalanadigan ichimlik suv sifatini yaxshilash va u bilan taʼminlanganlik darajasini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Qoraqalpogʻistonga ichimlik suv boshqa hududlarga nisbatan qattiq holda yetib kelgani uchun ham unga ishlov berish kerak. Soʻnggi yillarda respublika aholisini toza ichimlik suv bilan taʼminlash boʻyicha “Qoraqalpoq suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan koʻplab amaliy ishlar bajarilmoqda.
Ayni paytda aholini ichimlik suv bilan taʼminlash darajasi 71 foizni tashkil etmoqda. Joriy yil respublikada loyihalashtirilgan va qiymati 211,8 milliard soʻm boʻlgan, uzunligi 383,8 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda 24 ta suv inshootida qurilish ishlari rejalashtirilgan va bu yumushlar jadal davom ettirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktyabrdagi “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qiymati 100,4 milliard soʻm boʻlgan 69 ta loyihada 342,6 kilometr ichimlik suv tarmogʻi yotqizish va 17 ta suv inshootida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilmoqda. Shuningdek, loyiha doirasida 5473 xonadon suv tarmoqlariga ulanib, suv hisoblagichlar bepul oʻrnatib berilyapti. Bugungi kungacha 51,8 milliard soʻmlik ishlar amalga oshirilib, 34 ta qurilish ishlari yakunlandi.
— Nukus shahri aholisini ichimlik suv bilan taʼminlash maqsadida 74,9 milliard soʻm mablagʻ evaziga “Nukus” suv tozalash inshootini taʼmirlashning ikkinchi bosqichi loyihasi boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi shahar suv tozalash tarmogʻi boshligʻi Azamat Bekturdiyev. — Loyiha oxiriga yetgach, suv tozalash quvvati kuniga 65 ming kub metrdan 95 ming kub metrga yetadi. Bugungi kunda biz 350 mingdan ziyod aholiga ichimlik suv yetkazib beryapmiz.
Demak, nufusi yil sayin ortib borayotgan Nukus shahri aholisiga suv yetkazib berish imkoniyati yanada kengayadi va bu, albatta, suvning sifatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, hududlarda zamonaviy shaharsozlik talablari asosida koʻp qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishini jadallashtirish maqsadida oqova suv tarmogʻi va oqova suv tozalash inshootini yangidan qurish ishlari ham jadal olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan loyiha bahosi 36,75 milliard soʻm boʻlgan Kegeyli, Qoraoʻzak va Qonlikoʻl tumanlarida uzunligi 10,73 kilometr ichimlik, oqova suv tarmoqlari hamda 3 ta oqova suv tozalash inshootini yangidan qurish ishlari bajarilmoqda.
— Xalqaro moliya institutlari ishtirokida “Oʻzbekistonning gʻarbiy hududida ichimlik suv taʼminotini rivojlantirish” loyihasi asosida “Tuyamoʻyin” va “Taxiatosh” suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish, “Mangʻit” suv tozalash inshootini yangidan qurish ishlari bilan birga, Amudaryo, Beruniy, Qoraoʻzak, Qoʻngʻirot, Moʻynoq va Nukus tumanlarida uzunligi 1236 kilometr ichimlik suv tarmoqlari hamda 26 ta ichimlik suv inshootini qurish, rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan, — deydi “Qoraqalpoq suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Roʻzimboy Seytov. — Ushbu ishlar bajarilishi natijasida yil yakunida hududlarda istiqomat qilayotgan 75,5 ming nafar isteʼmolchi qoʻshimcha ichimlik suv bilan taʼminlanadi. Hududlardagi 138,6 ming nafar odamning suv taʼminoti yaxshilanishi barobarida, aholining toza ichimlik suv bilan taʼminlanish darajasi 74,3 foizga yetadi.
2022-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2023 – 2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida Nukus shahri, Taxiatosh va Xoʻjayli tumanlarida bir kecha-kunduzda 45,2 ming kub metr suvni tozalash quvvatiga ega boʻlgan 3 ta oqova suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish, 28 ta oqova suv nasos stansiyasini va 142,3 kilometr oqova suv tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan.
— Biz Nukus shahrida bir kecha-kunduzda 30 ming kub metr suvni tozalash quvvatiga ega boʻlgan oqova suvni tozalash inshootini qurish, 16 ta nasos stansiyasi va 88 kilometr uzunlikdagi oqova suv tarmoqlarini qurish ishlarini olib bormoqdamiz, — deydi Roʻzimboy Seytov. — Shu bilan birga, Taxiatosh tumanida bir kecha-kunduzda 8 ming kub metr suvni tozalaydigan 8 ta oqova suv nasos stansiyasi va 33,6 kilometr uzunlikda suv tarmoqlari tortiladi. Xoʻjayli tumanida esa suv tozalash inshootini qurish bilan birga 4 ta nasos stansiyasi, 20,7 kilometr suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajariladi.
“Qoraqalpoq suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati yer usti va yer osti suv manbalaridan foydalanib, aholini toza ichimlik suv bilan doimiy ravishda taʼminlab kelmoqda. Qoraqalpogʻistondagi 3 ta yirik – Tuyamoʻyin, Taxiatosh va Nukus suv tozalash inshootlari shu jamiyatga qarashlidir.
— Ichimlik suv aholiga yetib borgungacha uch bosqichda tozalanadi. Dastlab tindiriladi, filtrlanadi va soʻng zararsizlantiriladi. Bu ishlar “Qoraqalpoq suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati kimyoviy bakteriologik laboratoriyasida amalga oshiriladi, — deydi laboratoriya kimyo muhandisi Ayzada Hakimova. — Shunday laboratoriyalar Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlarida mavjud boʻlib, suvning sifatini yaxshilash uchun xizmat qilmoqda.
Respublika poytaxti aholisini ichimlik suv bilan taʼminlovchi Nukus suv tozalash inshooti Doʻstlik kanalidan suv oladi. Inshootda suv tindirish, filtrlash va zararsizlantirish bosqichlaridan oʻtkazilib, isteʼmolchilarga yetkazib beriladi. Suv hovuzlarda tindirilib, loyligi hisobga olingan holda koagulyant (alyuminiy sulfat) bilan qayta ishlanadi. Shundan soʻng filtrlash bosqichiga oʻtkazilib, kvars qumi yordamida filtrlanadi.
Filtrlangan suv yopiq rezervuarlarga yigʻiladi va mikroorganizmlardan tozalash maqsadida tegishli birikma bilan zararsizlantiriladi, shundan soʻng nasos inshootlari orqali isteʼmolchilarga yetkazib beriladi.
— Ichimlik suv sifatini nazorat qilishda Oʻzbekiston davlat standarti “Ichimlik suv” gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish OʻzDSt 950-2011 normalariga muvofiq tekshirib boriladi. Suv tarkibidagi erigan kalsiy va magniy tuzlari yigʻindisi suvning umumiy jipsligi deyiladi. Suv tarkibidagi kationlar va anionlar odam organizmida energiya hamda kislorod almashinuvida qatnashadi. Bularning normadan koʻp yoki haddan tashqari oz boʻlishi inson salomatligiga teskari taʼsir koʻrsatadi, — deydi markaziy laboratoriya boshligʻi Gulsara Yerniyazova. — Yetkazib beriladigan ichimlik suv sifati korxonadagi 1 ta markaziy va 19 ta hududiy kimyo bakteriologik laboratoriyalari tomonidan 26 turdagi kimyo-bakteriologik tashxislar asosida tekshiriladi. Laboratoriyalar zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlangan. Aholini sifatli ichimlik suv bilan taʼminlashda sanitar-gigiyenik tomondan nazorat qilishni yanada kuchaytirish maqsadida maxsus dasturlar doirasida oʻtgan yillar davomida Chimboy va Boʻzatov tumanlarida yangi laboratoriya qurildi, Kegeyli, Xoʻjayli, Taxtakoʻpir tumanlaridagi laboratoriyalarda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi.
Qayd etilganidek, sohada olib borilayotgan ishlar natijasida joriy yil oxiriga qadar Orolboʻyi aholisining 74,3 foizini markazlashtirilgan ichimlik suv tarmogʻi bilan qamrab olish nazarda tutilgan. Shuningdek, oqova suv tarmoqlarini yangilash borasida ham qator ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri