Iqlim oʻzgarishi, tabiat nomuvofiqligi, suvsizlik natijasida shu ish ham katta muammoga aylandi. Natijada ovul ahli boshqa manzillarga koʻchib ketish harakatiga tushdi. Vaholanki, bir paytlar Beltovda 400 dan ortiq oila yashardi. Bugun ular soni 166 ta. Ogʻir turmush sharoiti odamlarni shunga majbur qilgan edi.

“Inson qadri ulugʻ”, degan ezgu tamoyil orqali ezgu maqsad va rivojlanishni maqsad qilgan yurt odamlari bunday sharoitga tashlab qoʻyilmaydi, albatta. Shu jihatdan olganda, hozirgi kunda Beltovda boʻlayotgan oʻzgarish va yangilanishlar ovul odamlarining ertangi kunga ishonchini mustahkamlab, yangi marralar sari undayotgani bor gap. Chunki, bugun ovulda yangi hayot boshlangan. Avvalo, eng dolzarb muammo boʻlgan suv yetib keldi. Tuman markazidan 40 kilometr uzoqda joylashgan hududdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari qizgʻin pallaga kirgan. Odamlar ketmoni bilan tomorqasiga chiqdi. Daraxt ekyapti. Necha yillardan buyon qarovsiz qolgan ovul qiyofasi asta-sekin oʻzgarmoqda.

— Xuddi ertakdagiday, ovuldagi oʻzgarishlarni koʻrib, rosti, yasharib ketdim, — deydi Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Rayhon Saparova. — Suvsizlikdan qaqragan yerda odamlar bodring, pomidor, kartoshka ekyapti. Mamlakatdagi islohotlar qishlogʻu ovullar, odamlar hayotiga koʻchmoqda.

Hududda bugungacha  2 ming gektar yer oʻzlashtirilib, shundan 1,5 ming gektariga paxta va boshqa poliz ekinlari ekildi. Bu mahsulotlarni yaxshi parvarishlash uchun mutaxassislar biriktirildi. Ekilgan paxta tomchilatib sugʻoriladi. Natijada suvdan tashqari oʻgʻit va boshqa xarajatlar ham tejaldi. 

“Beltov” ovul fuqarolar yigʻinida yuqori texnologiyali irrigatsiya tizimi bunyod etildi. Orolboʻyi hududida qishloq xoʻjaligi loyihasi uchun mutaxassislar, qurilish va qishloq xoʻjaligi texnikasi  jalb qilindi.

Baraka — harakatda, deyishadi. Chindan ham, Beltov ahli endilikda oʻz mehnatlari samarasini koʻryapti. Hududda hayot tarzi butunlay oʻzgarib ketdi. Bundan barcha mamnun. 

— Toʻrt sotix yerim bor, roʻzgʻor uchun zarur mahsulotlarning deyarli hammasini shu tomorqadan olyapmiz, — deydi Jumaboy Toʻraniyazov. — Toʻgʻrisi, ovulimizda soʻnggi besh-olti yil ichida koʻp oʻzgarish va yangilanishlar roʻy bermoqda. Ariqlarga suv kelib, ekin-tikin ishlariga kirishilgani buning bir misoli.

“Beltov” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi kam taʼminlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash, hudud aholisining yashash sharoitini yanada yaxshilash, tomorqadan samarali foydalanishni taʼminlashga koʻmaklashish, chorvachilik hamda dehqonchilikni rivojlantirish maqsadida yer osti artezian quduqlar qazish Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus muxandislik qurilish boshqarmasi tomonidan begʻaraz amalga oshirildi.

— Suvsizlik tufayli 2012-yili koʻchib ketishga majbur boʻlgandik, —deydi Nagʻashboy Saoʻqimov. — Ovulga suv keldi, deb eshitganimizdan soʻng yana qaytib keldik. Odamlarning kayfiyati yaxshi. Endi bekor emasmiz. Yerimiz bor. Tomorqamizga oʻzimizga kerak ekinni ekib olamiz. 

Beltovda suv havzalari tashkil etish va qishloq xoʻjaligi ekinlarini tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilishi mahalliy aholi bandligini taʼminlashga va iqtisodiy rivojlanishga olib kelmoqda. Hududda keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari esa davom etmoqda.

—  Eng chekkada boʻlishimizga qaramay, turmushimiz yaxshilanib borayotgani barchani quvontirmoqda, — deydi “Beltov” ovul fuqarolar yigʻini raisi Muxtor Navroʻzboyev.   — Ishsiz qolgan, umid uchqunlari soʻngan odamlar hayotida yangi sahifalar ochilmoqda. Aholining imkoniyati va kasbiy mahoratiga qarab ularni ish bilan band qilish choralari koʻrilmoqda.

Mahalla bolalari toza, yorugʻ va zamonaviy maktabda bilim olmoqda. 200 ga yaqin kichkintoy maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyalanmoqda. Tibbiyot punkti esa aholi salomatligini muhofazalashga xizmat qilmoqda.

Suv kelishi elni qaytardi. Binobarin, suv bekorga hayot manbai sifatida eʼzozlanmaydi. Beltovdagi hayot yaxshi tomonga oʻzgarayotgani boisi shunda aslida.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri