Yaʼni, “damba“larning siljish va choʻkish dinamikasi “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan kosmik nazoratga olinadi.

Amalga oshirilgan monitoring natijalari “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish” elektron platformasiga integratsiya qilinadi.

Mazkur elektron platformada suv omborlari boʻyicha kosmik monitoring natijalari, xususan, mavjud toʻgʻonlarning real holati, ulardagi siljish va choʻkish koʻrsatkichlari, toʻgʻonlarning seysmik mustahkamligi va favqulodda xavflilik darajasi kabi muhim maʼlumotlar jamlanadi. Jarayonlarni doimiy nazorat qilib borish maqsadida “Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini oʻrganish komissiyasi” tashkil etiladi.

Maʼlumki, suv omborlari toʻgʻonlarining mustahkamligi darajasini doimiy monitoring qilish ularning deformatsion-kuchlanganlik holatini baholashda muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, deformatsion-kuchlanganlik holatida toʻgʻon zilzilaga taʼsirchan boʻlib, eng zaiflashgan nuqtasida favqulodda vaziyat sodir boʻlgan taqdirda talafot yetishi ehtimoli ortib ketadi.

Bu chora-tadbirlar suv omborlaridagi toʻgʻonlarning mustahkamlik va yaroqlilik holatini doimiy oʻrganib borish, ularda kuzatilishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni oldindan tahlil qilish va ulardagi ehtimoliy siljishlarni aniqlash imkonini beradi.