Taʼkidlanishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda.

Loyihada koʻchmas mulk joylashgan joyidan kelib chiqib bir kvadrat metr uchun minimal qiymat joriy etish bilan birga yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻi stavkalarini pasaytirish, polietilen granulalariga aksiz soligʻi stavkasini 20 dan 10 foizgacha pasaytirgan holda, ushbu stavkani uning importiga ham joriy etish belgilanyapti.

Yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun esa soliq va aksiz soligʻi stavkalari oʻrtacha 10 foizga indeksatsiya qilish nazarda tutilyapti. Bunda, qishloq xoʻjalik yerlarini sugʻorish uchun foydalanilgan suv hajmi qismi va baliqlarni oʻstirish (yetishtirish), shu jumladan, dehqon xoʻjaliklari uchun belgilangan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2021-yil darajasida (1 kub metr uchun 40 soʻm) saqlab qolinmoqda.

Shu bilan birga, loyihada soliq solish bilan bogʻliq boʻlgan obyektlar hisobini tashkil etish, xususan, soliq imtiyozlari hisobi boʻyicha yagona avtomatlashtirilgan tizimni yaratish, soliq toʻlovchining hisob maʼlumotlaridagi oʻzgarishlarni shaxsiy kabinet orqali tasdiqlash masalasi ham aks etgan.

Shuningdek, kodeksning 337 va 452-moddalariga 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab sement (klinker) ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi korxonalarga belgilangan 20 foizlik foyda soligʻi stavkasini 15 foizga pasaytirish, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa sement ishlab chiqarishga moʻljallangan 1 tonna ohaktosh uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasini ikki baravarga kamaytirish taklif qilinmoqda.