Suv ta'minotida  iste'molchilarning debitor qarzdorligi 1,3 trln so'mni tashkil etadi

    Toshkent shahri va viloyati hamda  Andijonda qarzdorlik miqdori eng yuqori.

    AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ axborot xizmat rahbari Akmal Murodov ichimlik suvi tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari va isteʼmochilarning qarzdorligi haqida maʼlumot berdi.

    Bugungi kunda “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy suv taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilar orasida toʻlov intizomini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, isteʼmolchilar uchun toʻlovlarni amalga oshirishda qulay va zamonaviy toʻlov vositalaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

    Shunga qaramasdan, respublikada isteʼmolchilarning debitor qarzdorligi tobora oshib bormoqda va bugungi kunda bu koʻrsatkich 1,3 trillion soʻmni tashkil etmoqda. Shundan jismoniy isteʼmolchilarning qarzdorligi 1,1 trillion soʻmni tashkil etsa, 200 milliard soʻmlik qarzdorlik yuridik isteʼmolchilarning hissasiga toʻgʻri keladi.

    Qarzdorlik miqdori eng yuqori boʻlgan hududlar - Toshkent shahri - 256 milliard soʻm, Toshkent viloyati- 150 milliard soʻm, Andijon viloyati -125 milliard soʻm.

    Taʼkidlash joiz, isteʼmolchilarning qarzdorligi bilan bir qatorda sohadagi eng ogʻriqli muammolardan biri ichimlik va oqova suv tizimlariga noqonuniy ulanish holatlari boʻlib qolmoqda. Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida tegishli idoralar bilan hamkorlikda joylarda muntazam ravishda reyd tadbirlari oʻtkazilib kelinyapti.

    Xususan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy suv taʼminoti korxonalari tomonidan ichimlik va oqova suv tizimlariga jami 1 515 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi. Mazkur qonunbuzarliklar natijasida jami qariyb 40 milliard soʻmlik zarar yetkazilgan.

    Fursatdan foydalanib, isteʼmolchilar ichimlik suvi taʼminoti va suv chiqarish xizmati uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq toʻlashni amalga oshirishlari lozimligini eslatib oʻtamiz. Toʻlovlarni cabinet.uzsuv.uz, uzsuvbot telegram-boti, tijorat banklarining kassalari va mobil ilovalari, Payme, Upay, Apelsin kabi elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshirish mumkin.