Suv ta’minotini yaxshilashga oid loyihalar ko‘rib chiqildi

    Hukumat 5 Dekabr 2022 6631

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida suv ta’minotini yaxshilashga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

    Qoraqalpog‘istonning agrosanoatdagi ulkan salohiyatini yuzaga chiqarish uchun, avvalo, suv kerak. Hududda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash maqsadida 2015-yildan boshlab Jahon banki ishtirokida 260 million dollarlik loyiha amalga oshirildi. 650 kilometr kanal va 556 ta suv inshooti tiklanib, 5 ming gektardan ziyod yer lazer bilan tekislandi.

    Ish samarali tashkil etilgani va ko‘p narsalar mahalliylashtirilgani natijasida loyiha qiymatidan 48 million dollar iqtisod qilingan. Shu bois loyihani davom ettirib, qolgan mablag‘ni Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlariga yo‘naltirish taklif etilmoqda. Buning evaziga yana 216 kilometr kanal va 406 ta gidrotexnik inshootni tiklash mumkin. Natijada hozir nasos bilan sug‘orilayotgan 300 dan ortiq fermer xo‘jaliklari dalasiga suv o‘z oqimi bilan keladi, yiliga 300 million kub suv iqtisod qilinadi.

    Davlatimiz rahbari bu taklifni ma’qullab, suv ta’minoti yaxshilanadigan yerlarda yuqori daromadli ekinlar ekish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

    Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tuprog‘i unumdor. Lekin 235 ta nasos stansiyasi eskirgani sababli 380 ming gektar maydonda suv ta’minoti og‘irlashgan, shundan 60 ming gektari oborotdan chiqib ketgan. Qolaversa, bu nasos stansiyalarida elektr energiyasi me’yorga nisbatan 1,5-2 baravar ko‘p sarflanmoqda.

    Shu bois Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda bu viloyatlardagi nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda 118 ta nasos stansiyasini yangilash mo‘ljallangan.

    Buning natijasida 30 ming gektar maydon qayta foydalanishga kiritiladi, 57 ming gektar sug‘oriladigan yerning suv ta’minoti yaxshilanadi. 4 ming 375 ta tomorqa suv bilan ta’minlanadi. Yiliga 290 million kilovatt-soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.

    Energiya va ekspluatatsiya xarajatlari qisqarishi hisobiga bu loyiha 7 yilda o‘zini oqlaydi.

    Prezidentimiz loyiha doirasidagi ishlarga mahalliy tadbirkorlarni ko‘proq jalb qilish zarurligini ta’kidladi.