Ular jumlasiga shlanglari, termoplast va PVX quvurlari kiradi. Yaqinda bu yerda suv tejovchi texnologiyalarining ulovchi va butlovchi fitinglari va filtrlarini ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyildi.

Bu yil mamlakatimizda suvni tejovchi texnologiyalarni besh baravarga koʻpaytirish va 430 ming gektar maydonda joriy etish rejalashtirilgan. Shundan tomchilatib sugʻorish 210,7 ming gektarni tashkil etadi.

Tahlillarga koʻra, 2019-yilda 34,5 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan boʻlib, texnologiyalarning 90 foiz uskunalari va butlovchi qismlari xorijiy davlatlardan keltirilgan edi.

Oʻtgan 2020-yilda suvni tejovchi texnologiyalarning asbob-uskunalari va butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar soni 10 taga yetkazildi. Yil davomida 43 ming gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan boʻlsa, shundan 30 foizi, yaʼni 13 ming gektari mahalliy korxonalar mahsulotiga toʻgʻri keldi.

Bugungi kunda suvni tejovchi texnologiyalarning uskunalari va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 30 taga yetdi. Bu bilan 2021-yilda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadigan maydonlarning 50 foizini mahalliy korxonalar mahsuloti qamrab olishiga imkon yaratildi.

Yil yakuniga qadar esa mahalliy korxonalar sonini 100 taga yetkazish moʻljallangan. Natijada mahsulot tannarxi sezilarli darajada pasayadi hamda bu turdagi texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari kengayadi, deb xabar beradi Suv xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.