Jon Rayt 2021-yil aprel oyidan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining maslahatchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U davlat-xususiy sheriklik va autsorsing xizmatini joriy etish, shuningdek, suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni boshqarish yoʻnalishlarida ish olib bormoqda.
- Oʻzbekiston iqtisodiyotida agrar soha yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi. Mamlakatning millionlab aholisi qishloq joylarda istiqomat qiladi va ularning daromadi asosan qishloq xoʻjaligi sohasi hisobidan shakllanadi. Shu bois, xalqaro ekspert sifatida men 2018-yilda Qishloq xoʻjaligi va Suv xoʻjaligi vazirliklarining tashkil etilishi Oʻzbekiston uchun toʻgʻri qaror boʻlgan, deb hisoblayman, - deydi Jon Rayt.
Uning taʼkidlashicha, oʻtgan davrda Prezident va hukumatning Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatiga doir 13 ta Farmon va qarorlari qabul qilingan. Bu esa oʻz oʻrnida, soha rivoji davlatning doimiy eʼtiborida ekanligidan dalolat.
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023-yillarga moʻljallangan strategiyasi xalqaro moliya institutlari bilan juda puxta ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Ustuvor yoʻnalishlar belgilanib, tizimli va samarali ish olib borilyapti.
Strategiyada 2023-yilgacha suv resurslarini prognozlashtirish, ularning hisobini yuritish va maʼlumotlar bazasini shakllantirish tizimini takomillashtirish hamda shaffofligini taʼminlash boʻyicha qator vazifalar belgilangan.
Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan qoʻyilayotgan bu keng qamrovli vazifalar suv va elektr energiyasidan foydalanish boʻyicha maʼlumotlarning ishonchliligini oshirish va ularni tezkor qaror qabul qiluvchilar uchun ochiqlash hamda suv yetkazib berishning sifati va yetkazib berish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
- Oʻzbekistondagi institutsional tuzilmalar ham, suv infratuzilmasi tarmogʻi ham oʻta murakkab. Oʻtgan bir yilga yaqin vaqt ichida respublikaning deyarli barcha hududlariga borib keldim. Bu men uchun suv xoʻjaligi sohasidagi muammolar va real holatni tushunishimda juda zoʻr imkoniyat boʻldi. Joylarda suvchilar bilan suhbatlashdim, ular oʻzlarining qilayotgan ishlarini gapirib berishdi.
Oʻzbekiston xalqi, bu yerdagi mutaxassislarning mehmondoʻstligi, vatanparvarligi va fidoyiligi meni hayratlantirdi. Bu xalqning buyuk oʻtmishi va ajdodlari bor ekan. Hozirgi harakatlar, mana shu intilishlari bardavom boʻlsa, Oʻzbekistonning yaqin kelajakda eng rivojlangan davlatlar qatoriga kirishiga hech qanday shubha yoʻq, -deydi Jon Rayt.
Oʻtgan bir yil ichida Oʻzbekistonning suv xoʻjaligi sohasida koʻplab yangiliklar boʻldi. Sohada mutaxassis kadrlar tayyorlab beradigan tayanch oliy oʻquv yurti – Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining maqomi oshib, Prezident qaroriga asosan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti deb qayta nomlandi. Universitetga taʼlim va ishlab chiqarish uzviyligini mustahkamlash, gidroenergetika, irrigatsiya, melioratsiya, qishloq xoʻjaligida innovatsion texnika va texnologiyalar, suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari kabi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash boʻyicha ulkan vazifalar yuklatildi.
Yaqinda Oʻzbekiston Prezidenti “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonni imzolandi. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida 7 ta yoʻnalish belgilangan. Uning uchinchi yoʻnalishida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish boʻyicha alohida davlat dasturini amalga oshirish maqsadlardan biri sifatida koʻrsatilgan.
2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida Suv xoʻjaligi vazirligiga yanada koʻproq vazifalar belgilangan.
2022-yilda yangi va foydalanishdan chiqqan 129 ming gektar yerlarni oʻzlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni 260 ming gektarda joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 mlrd kub metr suvni iqtisod qilish kabi vazifalarning qoʻyilishi Oʻzbekiston hukumatining kelajakda kutilayotgan xatarlarga oldindan tayyorgarlik koʻra olishini, jumladan, muqarrar suv tanqisligini yumshatish boʻyicha amaliy choralar qabul qilayotganligining isbotidir.
Oʻzbekistonning suv xoʻjaligi sohasidagi transformatsion oʻzgarishlar koʻp yillar davom etadi. Jon Rayt oʻz hayotiy tajribasidan kelib chiqib, ushbu transformatsion oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bir qator yoʻnalishlarni ishlab chiqdi.
30 mingdan ziyod mutaxassis-xodimlar mehnat qilayotgan vazirlik tizimida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va kelajak avlodlar uchun barqarorlikni yaratish boʻyicha koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jon Rayt bu xayrli ishlarni qoʻllab-quvvatlab, Yangi Oʻzbekistonning farovon kelajagi uchun hissa qoʻsha olganidan nihoyatda mamnunligini bildirdi.