Suv xoʻjaligining quyi boʻgʻinlari takomillashtirilmoqda

    Mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish, ularini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xoʻjaligini modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

    Xususan, quyi boʻgʻinda suv resurslarini samarali boshqarish, ularning hisobi va hisobotini toʻlaqonli yuritish, suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni takomillashtirish hamda ushbu jarayonlarga xususiy sektorni keng jalb qilish maqsadida 2022-yil 1-mart kuni Prezidentimizning “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi. Unda suv resurslarini quyi boʻgʻingacha Suv xoʻjaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan yetkazib berilishi belgilab berildi.

    Ushbu qaror asosida barcha tuman irrigatsiya boʻlimlari tarkibida, tuman irrigatsiya boʻlimlari mavjud boʻlmagan tumanlarda irrigatsiya tizimi boshqarmasi tarkibida jami 160 ta yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan xoʻjalik hisobida faoliyat yurituvchi suv xoʻjaligining maxsus xizmati tashkil etildi. Ushbu xizmatlar suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berish va koʻrsatilgan suv xoʻjaligi xizmatlaridan tushgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.

    Hozirgi kunga kelib barcha maxsus xizmatlar tomonidan suv isteʼmolchilariga koʻrsatiladigan suv xoʻjaligi xizmatlari va ularga talab qilinadigan mablagʻlar boʻyicha biznes reja tayyorlandi. Bunda birinchi navbatda tuman irrigatsiya boʻlimi tarkibidagi maxsus xizmatning pasporti, 2022-yil uchun xarajatlar rejasi, xodimlarning shtat jadvali, shuningdek, amalga oshiriladigan irrigatsiya-melioratsiya tadbirlari rejasi ishlab chiqildi.

    Maxsus xizmat bilan suv isteʼmolchisi oʻrtasida suvni yetkazib berish va koʻrsatilgan boshqa xizmatlar uchun toʻlanadigan mablagʻlari koʻrsatilgan holda shartnoma tuzish ishlari yakuniga yetkazildi.

    Har bir suv olish inshooti, nasos stansiyasi, sugʻorish quduqlari boʻyicha suvning ikki (uch) tomonlama kundalik hisob jurnali, hisobi va hisoboti yuritilib, har oy yakuni bilan yetkazib berilgan suv hajmi koʻrsatilgan dalolatnomalar rasmiylashtirib borilmoqda.

    Tuman hududidagi barcha mavjud kanallar, gidrotexnik inshootlar, sugʻorish tarmogʻi, lotok, nasos agregatlari, sugʻorish quduqlari va boshqa suv xoʻjaligi obektlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

    Xatlov natijalariga koʻra, qishloq xoʻjaligi yer uchastkalari mavjud boʻlgan klasterlarga – ularga tegishli maydonlardagi barcha xoʻjaliklararo va ichki sugʻorish hamda kollektor-drenaj tarmoqlari, ulardagi bosh va ichki suv olish hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlari;

    fermer xoʻjaliklariga – ularga bevosita xizmat koʻrsatuvchi ichki sugʻorish hamda kollektor-drenaj tarmoqlari, ulardagi bosh va ichki suv olish hamda boshqa suv xoʻjaligi obektlarini tegishli dalolatnomalar va tuman hokimlari qarori asosida berilishi taʼminlanadi.

    Shuningdek, davlat suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish uchun xususiy sektorni keng jalb qilish hamda suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berishni tashkil qilish boʻyicha ham joylarda ish olib borilmoqda.