Suvdan qarzdor isteʼmolchilarga kredit berishni cheklash rejalashtirilmoqda

    Ichimlik suvidan qarzdor isteʼmolchilarga kredit bermaslik taklifi ishlab chiqilmoqda.

    Bu haqda “Oʻzsuvtaʼminot” kompaniyasiga tayanib, “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.

    Kompaniya boʻlim boshligʻi Shahboz Sarmanov hozirda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan qarzi bor isteʼmolchiga qarzdorlik bartaraf etilmagunicha har qanday turdagi kreditni bermaslik tizimi ishlab chiqilayotganini, banklar bilan integratsiya jarayoni yoʻlga qoʻyilishi oldida turganini qayd etdi.

    “Agar isteʼmolchining nomida uy boʻlmasada, lekin u roʻyxatda turadigan xonadon suv taʼminoti tizimidan qarzdor boʻlsa ham, kredit berilmaydi. Ayni paytda ushbu tartibni yoʻlga qoʻyish ustida ishlar olib borilyapti”, — dedi u.

    Shuningdek, uning taʼkidlashicha, hozirda qarzdor isteʼmolchilardan qarzini undirish uchun gaz va elektr energiyasi tizimlari bilan bogʻlash varianti ham qaysidir darajada koʻrib chiqilmoqda. Bu masalada chuqurroq tahlil qilinib, keyin aniq bir qarorga kelinadi.

    Oʻzbekistonda isteʼmolchilarning ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan qarzdorligi salkam 1 trln soʻmni tashkil etmoqda. Shundan 715,2 mlrd soʻmi jismoniy shaxslar, qariyb 250 mlrd soʻmi esa yuridik isteʼmolchilarga toʻgʻri keladi.

    Aholining debitor qarzdorligi yil boshiga nisbatan 41,5 mlrd soʻmga qisqargan. Mavjud 5 mlnta xonadondan 2,4 mlntasida qarzdorlik mavjud. Joriy yilning oʻtgan davrida mamlakat boʻyicha 22,4 ming nafar jismoniy va yuridik isteʼmolchi qarzdorligi uchun tarmoqdan uzib qoʻyilgan. Eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida (12,4 mingta) qayd etilgan.

    Suv taʼminoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari boʻyicha 117,6 ming nafar isteʼmolchidan jami 343 mlrd soʻmlik mablagʻni undirish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlarga daʼvo arizalari kiritilgan