Soʻnggi yillarda butun yer yuzida suv muammosi nihoyatda dolzarb masalaga aylanmoqda. Ayrim hududlarda aholiga toza ichimlik suvini yetkazib berish qator qiyinchiliklar bilan amalga oshirilmoqda. Amudaryo tumanida ham bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish va aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Yaqinda tumanning Amir Temur nomli ovuli aholisiga toza ichimlik suvini yetkazib berish maqsadida yer ostidan tortib olingan suvni chuchuklashtiruvchi uskunalar oʻrnatilgan “EKOS” stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu qurilma orqali endilikda ovulda 242 ta xonadonga chuchuklashtirilgan suv yetkazib berilmoqda.
Tumanning Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh hududidagi Amir Temur nomli ovul oqar suv yoʻllarining oxirgi qismida joylashgan. Chekka hududdagi mazkur ovul ichimlik suvi tarmogʻiga ham ulanmagan.
Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida oʻtgan yili ham tuman hokimligining tashabbusi bilan 5 milliard 300 million soʻm evaziga suv tozalash qurilmasi va maxsus inshoot bunyod etish boshlangan edi.
Hozirgi kunda mazkur suv tozalash markazi orqali ovuldagi 244 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda. Ushbu suv tozalash qurilmasi orqali yer osti suvlari 35 metr chuqurlikdan, diametri 300 millimetr boʻlgan 4 dona quvurlar orqali tortib olinib, keraksiz tuzlar va minerallardan tozalangan holda aholiga isteʼmol uchun yetkazib berilmoqda.
Oq oltin ovulida ham aholiga toza ichimlik suvini yetkazib berish maqsadida xuddi shunday suvni chuchuklashtirish uskunalari oʻrnatilgan “EKOS” stansiyasi foydalanishga topshirilgan. Mazkur stansiya orqali ovulda 560 ta xonadon chuchuklashtirilgan suv bilan taʼminlash imkoniyati yaratildi.
Amir Temur nomli va Oq oltin ovullari aholisi endilikda toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyati yaratilganidan nihoyatda mamnun va mazkur stansiyani qurish tashabbusi bilan chiqqan, bosh-qosh boʻlgan tadbirkorga, masʼullarga va davlatimizga minnatdorchilik bildirmoqdalar.