Mazkur yoʻnalishda raqamlashtirish tadbirlari amalga oshirilib, isteʼmolchilarga taʼminot xaridi uchun ID-karta ham taqdim qilingan. Shu asosda isteʼmolchilarga oʻtgan toʻqqiz oy davomida 56 ming 116 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

— Suyultirilgan gaz taʼminotini yanada yaxshilash maqsadida “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlariga kiritilgan mahallalarga qoʻshimcha maishiy gaz ballonlar yetkazilmoqda, — deydi filialning suyultirilgan gaz taʼminoti boʻyicha masʼul xodimi Samandar Abdunazarov. — Shuningdek, aholining taʼminotga boʻlgan ehtiyoji inobatga olingan holda kuz-qish mavsumida viloyat aholisiga yetkaziladigan suyultirilgan gaz rejasi ishlab chiqilgan. Unga koʻra, isteʼmolchilarga 2022-yilning toʻrtinchi choragi davomida jami 19 ming tonna 174 kilogramm, 2023-yilning birinchi choragi davomida ham 19 ming tonna 174 kilogramm, jami 7254 tonna 600 kilogramm suyultirilgan gaz yetkazish rejalashtirilgan.

Viloyatda kuz-qish mavsumida suyultirilgan gaz yetkazish ogʻir boʻladigan 56 ta olis hudud mavjud. Boysun, Denov, Oltinsoy, Sariosiyo va Uzun tumanlarining mazkur mahallalariga transport harakati qishning qirovli kunlarida biroz murakkablashadi. Shu bois tayyorgarlik hozirdan boshlanib, suyultirilgan gaz tashish transport vositalari texnik xavfsizligi taʼminlandi. Maishiy ballonlarning yaroqli ekanligi nazorat qilinmoqda.

Shuningdek, isteʼmolchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tartibi yangilandi. Unga koʻra, oila aʼzolari koʻp boʻlgan va roʻyxatdan oʻtgan uy xoʻjaliklari endi belgilangan muddatda oʻz ID-kartalari orqali bir oyda bir marotaba suyultirilgan gaz olishlari mumkin. Aholiga suyultirilgan gaz yetkazish jarayonida shular haqida ham tushuntirish ishlari olib borilmoqda.