Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi maʼlum qildi.
2025-yilning oʻtgan davrida Raqobat qoʻmitasiga gaz taʼminoti bilan bogʻliq masalalar yuzasidan jami 19 487 ta murojaat kelib tushgan. Bu sohada tizimli muammolar mavjudligini koʻrsatadi.
Shu munosabat bilan Qoʻmita tomonidan “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati hamda toʻgʻridan-toʻgʻri uning tasarrufida boʻlgan hududiy gaz taʼminoti korxonalarida oʻrganish ishlari amalga oshirildi.
“Hududgaztaʼminot” AJ hamda toʻgʻridan toʻgʻri AJning boʻysunuvida boʻlgan korxonalarda oʻrganish ishlari oʻtkazilganda oʻtgan davrda respublikaning beshta viloyatida aholiga tarqatilgan maishiy gaz ballonlarida suyultirilgan gazning ogʻir qoldiqlari (kondensat) hajmi jami 1,5 ming tonnani tashkil qilishi aniqlangan.
Bunda:
- Navoiyda — 92,9 tonna,
- Surxondaryoda — 490,2 tonna;
- Qashqadaryoda — 371,3 tonna;
- Fargʻonada — 370,5 tonna;
- Buxoroda — 175,6 tonna.
Maʼlum boʻlishicha, buning hisobiga isteʼmolchilardan umumiy hisobda 2,2 milliard soʻm atrofida ortiqcha mablagʻ undirilgan.
Xususan, Navoiy viloyatida “Hududgaz Navoiy” filiali tomonidan gaz ballonlaridagi 92,9 tonna ogʻir qoldiq suyuqlik uchun isteʼmolchilardan 125,4 million soʻm ortiqcha haq olingan.
Surxondaryo viloyatida esa “Hududgaz Surxondaryo” filiali tomonidan 79 nafar isteʼmolchiga nisbatan 125,7 million soʻm miqdorida ortiqcha hisob-kitob qilingani va jami 490,2 tonna ogʻir qoldiq uchun 640,3 million soʻm mablagʻ undirilgani, umumiy hisobda 766 million soʻm ortiqcha haq olingani aniqlangan.
Ushbu holatlar boʻyicha Qoʻmita tomonidan gaz taʼminoti korxonalari tomonidan xizmat koʻrsatish jarayonida qonun talablari buzilganligi belgilanib, isteʼmolchilardan ortiqcha undirilgan mablagʻlarni qayta hisob-kitob qilish choralari koʻrilmoqda.
Raqobat qoʻmitasi bu yoʻnalishdagi oʻrganish ishlarini respublika hududlari kesimida tizimli ravishda davom ettirmoqda.









