Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
“Uzuntumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi chilangar-taʼminotchisi X.U. GTBga tegishli avtomashinada maishiy gaz ballonlarini Surxondaryo viloyati Uzun tumani “Totugay” MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar N.B. va Y.Ch. xonadonida tashkil etilgan “bunker”ga tashlab ketgani aniqlangan. Fuqaro N.B. xonadonida 72 ta, fuqaro Y.Ch. xonadonida 46 ta suyultirilgan gaz toʻldirilgan maishiy gaz ballonlari topilgan. Ushbu xonadonlarda maishiy gaz ballonlari mahalla aholisiga noqonuniy ravishda naqd pulga belgilangan narxdan qimmatga sotilayotgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan xodim X.U. ga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Namangan viloyatining Uychi tumanida oʻtkazilgan tadbirda “Ovchinbuloq” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro M.S. ga qarashli novvoyxonada jami 24 dona maishiy gaz ballonlari noqonuniy ravishda saqlanayotgani aniqlangan.
Shuningdek, novvoyxonadan gazni avtomobilga oʻtkazishga moʻljallangan 2 dona qoʻlbola moslama hamda 6 dona ID-karta topilgan.
Holatlar yuzasidan tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilgan va barcha hujjatlar huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.