Suzish vaqtida deyarli hamma mushaklar ishlaydi. Ushbu jarayonda har bir mushakka zarur bo‘lgan yuklama tushadi. Shuning uchun ham suzuvchilarning mushaklari juda mustahkam bo‘ladi, deyiladi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi mutaxassislari bergan ma’lumotda.

Suzish umurtqa va tayanch-harakat apparati kasalliklarining oldini olish uchun eng qulay usuldir. Umurtqa atrofidagi mayda mushaklar bo‘shashib, umurtqa ustuni zo‘riqmaydi. Buning natijasida to‘g‘ri qaddi-qomat shakllanadi.

Ayniqsa, yurak-qon tomir tizimi ishi uchun ayni muddao bo‘lgan va uni asrab-avaylovchi mashg‘ulot hamdir.

Yaxshi suzish uchun chuqur va to‘g‘ri nafas olish muhim. Natijada nafas mushaklari ham ishga tushadi, o‘pka faoliyati yaxshilanadi, ko‘krak qafasi kengayadi.Bu  mashg‘ulotni “o‘pkalarning eng yaxshi gimnastikasi” desa ham bo‘ladi!

Tana haroratining suv haroratiga mos o‘zgarishi organizmni chiniqtiradi, immunitetni oshiradi, natijada kasalliklarning oldi olinadi.

Suzish energiya talab etuvchi mashg‘ulot bo‘lib, tana vaznini me’yorda bo‘lishini ta’minlovchi eng samarali vosita. Demak,tana vazningiz me’yorda bo‘lishi uchun suvda suzishni kanda qilmang!