Mazkur musobaqada respublikamizning deyarli barcha hududlaridan kelgan umidli, yosh sportchilar sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib bordi.
Musobaqaning soʻnggi kunida ishtirokchilar 100 metr masofaga batterflyay, 200 metrga brass, 400 metrga kompleks va 4x100 metrga erkin usulda suzish boʻyicha mikst musobaqasida startga chiqdi.
Taʼkidlash joizki, chempionatning oxirgi kungi bahslari ham murosasiz kurashlarga boy boʻldi. Bu ham oʻz navbatida, sportning ushbu turi yurtimizda yil sayin rivojlanib, iqtidorli yoshlar safi tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Bevosita natijalarga toʻxtaladigan boʻlsak, 100 metr masofaga batterflyay usulida suzish boʻyicha qizlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan musobaqada 1-oʻrinni Respublika oliy sport mahorati maktabi vakilasi Ulyana Nazmutdinova egalladi. U eng yaqin taʼqibchisini naqd toʻrt soniyaga ortda qoldirishga muvaffaq boʻldi.
100 metr batterflyay (qizlar):
1. Ulyana Nazmutdinova (ROSMM) – 1:10.38
2. Muslima Topvoldiyeva (Fargʻona) – 1:14.95
3. Munira Kenjayeva (Toshkent sh.) – 1:21.04
Xuddi shu yoʻnalishda oʻsmirlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan musobaqada esa aksincha, gʻoliblik uchun kurash soʻnggi santimetrlarga qadar davom etdi. Yakunda navoiylik Bekpoʻlat Abdumuratov birinchi, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji oʻquvchisi Diyor Xoʻjayev esa ikkinchi oʻrinni egalladi. Kuchli uchlikka andijonlik Muhammadsodiq Maqsudov yakun yasab berdi.
100 metr batterflyay (oʻsmirlar):
1. Bekpoʻlat Abdumuratov (Navoiy) – 1:03.34
2. Diyor Xoʻjayev (ROZK) – 1:03.88
3. Muhammadsodiq Maqsudov (Andijon) – 1:04.81
Qolgan yoʻnalishlarda qayd etilgan natijalar bilan tanishing:
200 metr brass (qizlar):
1. Mahdiya Muxtorova (Andijon) – 2:56.91
2. Viktoriya Kleshko (Sirdaryo) – 3:01.90
3. Maʼmura Ortiqova (Fargʻona) – 3:03.45
200 metr brass (oʻsmirlar):
1. Aleksey Kim (Fargʻona) – 2:30.15
2. Oʻktamjon Hasanov (Buxoro) – 2:40.08
3. Muhammadislom Rahmonov (Toshkent sh.) – 2:46.08
400 metr kompleks (qizlar):
1. Mahdiya Muxtorova (Andijon) – 5:44.82
2. Iroda Bekmurodova (Andijon) – 5:48.00
3. Muslima Topvoldiyeva (Fargʻona) – 6:06.19
400 metr kompleks (oʻsmirlar):
1. Ilyas Gizov (ROSMM) – 5:10.89
2. Samir Abdujabborov (Toshkent sh.) – 5:15.10
3. Gleb Kadishev (ROZK) – 5:20.75
Estafeta 4x100 m. Erkin usul. Mikst
1. Andijon viloyati – 4:11.80
2. ROZK – 4:13.11
3. ROSMM – 4:19.73
Umumjamoa hisobida 1-oʻrinni jami 39 ta medal bilan (19 ta oltin, 13 ta kumush, 7 ta bronza) Andijon viloyati vakillari qoʻlga kiritdi. Fargʻonaliklar 17 ta (6-6-5) medal bilan ikkinchi, ROZK jamoasi esa 15 ta (3-5-7) medal bilan uchinchi boʻlishdi.
Shu tariqa, 2007-2008-yillarda tugʻilgan oʻsmir-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionati yakuniga yetdi. Musobaqa soʻnggida barcha gʻolib va sovrindorlarga medal va diplomlar topshirildi.