BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi — “Parij bitimi” qabul qilingan. Unga dunyoning 193 mamlakati, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi ham aʼzo. Asosiy maqsad atrof-muhitga ajralib chiqayotgan chiqindi va issiqxona gazini kamaytirish, muhit ekologiyasi zararlanishining oldini olishdir. Oʻzbekiston 2021-yil noyabr oyida Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida oʻtkazilgan Iqlim boʻyicha xalqaro sammitda jahon hamjamiyati oldida 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotga nisbatan issiqxona gazi ulushini 35 foiz kamaytirish ashabbusini bildirdi.

Mazkur maqsadlarga erishish uchun shu davrda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish quvvatini qariyb 16 000 megavattgacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Prezidentimiz raisligida 27-fevral kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda jahon energetikasida “yashil energetika” ulushi qariyb 30 foizga yetgani, ayrim Yevropa davlatlarida 80-90 foizdan oshgani qayd etildi. Bu borada mamlakatimizda ham faol ish olib borilayotgani, soʻnggi uch yilda energetika sohasiga 8 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilingani taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 16-fevraldagi qaroriga binoan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish boʻyicha katta dastur qabul qilingani, jumladan, “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilib, unga dastlabki 10 million dollar yoʻnaltirilgani qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish yoʻlidagi salmoqli qadamdir. Mazkur dasturga koʻra, joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 megavatt quvvatli quyosh panellari oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Zarurat nimada?

Qayta tiklanuvchi energiya turlari orasida quyosh energiyasidan foydalanish Oʻzbekiston uchun juda qulay boʻlib, uning yalpi salohiyati taqriban 98,6 foizni tashkil etadi. Shusiz ham bu quvvatdan unumli foydalanish ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelib, qon-qonimizga singib ketgan. Chunki uzoq tumanlarda hanuz quyosh energiyasidan meva-sabzavot quritish, chorva mollari uchun yem-xashak quritish, suv isitish va boshqa maqsadlarda foydalanib kelinadi.

Olib borilgan tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining texnik salohiyati 180 million tonna neft ekvivalentini tashkil etib, yillik energiya resurslariga talabdan uch barobar ortib ketadi. Xususan, quyosh energetikasi qayta tiklanadigan energetikaning eng istiqbolli tarmoqlaridan biridir.

U dunyodagi neft, gaz, koʻmir va boshqa energiya resurslari quvvatidan ortiq boʻlgan ulkan manbaga ega. Mamlakat iqtisodiyotida quyosh energiyasidan keng, samarali va qulay foydalanish uchun yarimoʻtkazgichli oʻzgartirgichlar orqali quyosh nurini toʻgʻridan-toʻgʻri elektr energiyasiga oʻzgartirish va aholi kommunal obyektlaridagi issiq suv taʼminoti tizimida quyosh kollektorlari yordamida past potensialli issiqlikdan suv qizitishda foydalanish maqsadga muvofiq.

Shu bois, bugun yurtimiz iqtisodiyoti tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish borasida qator ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021-yilda ilk bor Navoiy viloyati Karmana tumanida quvvati 100 megavattlik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 megavattga teng boʻlgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ekspluatatsiyaga topshirilgan.

Prezidentimizning 2022-yil 9-sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni doirasida 2023-yilda moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun vazirlik va idoralar obyektlarida energiya sarfi hajmida muqobil energiya manbalari ulushini 30 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohalari, iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng miqyosda joriy etish, energiya samarador texnologiyalardan foydalanish koʻrsatkichlarini oshirish orqali mamlakatimizda kuzatilayotgan energiya taqchilligini bartaraf etish, investorlar, tadbirkorlarga qulay sharoitlar, imkoniyatlar yaratish va ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy qilish tartibi belgilab berildi.

Joriy yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish, isteʼmolchilarni muqobil energiyaga oʻtkazish va energiyatejamkor texnologiyalarni joriy qilish natijasida qoʻshimcha 5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 4,8 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish rejalashtirildi. Bu ishlarda mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohadagi islohotlar hamda oʻzgarishlar, sanoat tarmoqlari, shaharsozlikda energiya samarador, energiya tejovchi texnologiya va uskunalarni joriy qilish, innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan odilona siyosat muhim oʻrin tutadi.

Kadrlar salohiyati yetarlimi?

Energetika tizimini modernizatsiya qilish, sohaga zamonaviy energiyatejamkor texnologiyalarni tatbiq etish, energiya hosil qilishning muqobil manbalaridan kengroq foydalanish uchun bilimli, malakali mutaxassislarni tayyorlash dolzarb vazifalardan. Chunki sohani rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj orta boradi. Shuning uchun oliy taʼlim tizimidagi islohotlarda integratsiyani rivojlantirishga muhim mezon sifatida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, Toshkent davlat texnika universitetida 2016-2017 oʻquv yilidan boshlab alternativ energiya manbalari kafedrasi tashkil etilgan boʻlib, muqobil energiya manbalari taʼlim yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Hozir 300 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Bugungi kunda universitetda mavjud quyosh fotoelektr stansiyalari hamda zamonaviy koʻrinishda jihozlangan elektr uskunalarini tekshirish va nazorat qilishni innovatsion boshqarish laboratoriya xonasi muqobil energiya manbalari (quyosh, shamol, vodorod energetikasi) taʼlim yoʻnalishlari talabalari uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Talabalarimiz olgan nazariy bilimini amaliyot bilan uygʻunlashtirishda muhim yirik laboratoriya kompleksi, yosh assistent, tadqiqotchilar uchun tadqiqot obyekti boʻlib ilm-fan rivojiga hissa qoʻshadi. Shu yilning 8-fevralida Sergeli tumanida Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda aynan mazkur soha uchun kadrlar tayyorlash, oʻrnatilayotgan quyosh panellari servis tizimini rivojlantirish uchun monokurslar tashkil etish taklifini bildirdik va bu taklif qoʻllab-quvvatlandi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida isteʼmolchilar elektr taʼminoti tizimini shakllantirish bugunning dolzarb masalasiga aylangan.

Bu esa yaqin yillarda quyosh panellarining ehtiyot qismlarida sozlash ishlarini olib borish malakasiga ega kadrlarga talabni oshiradi. Shu maqsadda ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab quyosh panellariga servis xizmatlari koʻrsatish boʻyicha monokurslar tashkil etish ustida ishlar olib borilmoqda.

Samaradorlik qay darajada?

Toshkent davlat texnika universitetida ham quyosh FES (fotoelektr stansiyasi)dan samarali foydalanish tizimli yoʻlga qoʻyilgan. 2019-yili 30 kilovatt quvvatli, 2022-yilda esa 110 kilovatt quvvatli quyosh FES xarid qilinib, elektr energetikasi fakulteti binosining tom qismiga oʻrnatildi. Quyosh fotoelektr stansiyalari monokristall va polikristall kremniyli fotoelektr batareyalar, asosiy tarmoq invertori, akkumulyatorli invertorlar, akkumulyatsiya tizimi, yashil elektr hisoblagichlar, ulash kabellari, monitoring tizimini oʻzida birlashtiradi.

Monokristall va polikristall kremniyli fotoelektr batareyalarning foydali ish koeffitsiyenti mos ravishda 21 va 16 foizni tashkil etadi. Ularning yaroqlilik muddati oʻrtacha 20 yil. Bu muddatdan oʻtgandan keyin ham ulardan foydalanish mumkin. Prezidentimizning shu yil 16-fevraldagi qarorining 15-bandiga muvofiq, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari oshirilgan elektr energiya tarifida xarid qilsa, quyosh fotoelektr stansiyalarining oʻzini oʻzi qoplash muddati 5-6 yilni tashkil etadi.

Ekologik hisob-kitoblarga koʻra, 140 kilovatt quvvatli quyosh FESdan foydalanish natijasida 12 oy davomida atrof-muhitga chiqadigan issiqxona gazi 119 tonnaga kamayadi. Buncha hajmdagi gazni 1 yil yutishi uchun 11 gektar koʻkalamzorlashtirilgan maydon talab etiladi. Ushbu stansiya 1 oyda 23 ming 300, yiliga esa 280 ming kilovatt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Universitet bir oyda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun 18,6 million soʻm yoki 1 yilda 223,2 million soʻm mablagʻni tejab qolishi mumkin.

Shu kungacha universitetda quyosh fotoelektr stansiyalarini oʻrnatish mumkin boʻlgan umumiy 14 ming 216 kvadrat metr maydon aniqlangan. 2023-yilda jami 1 ming 746 kilovatt quvvatli fotoelektr stansiyalarni oʻrnatish va elektr energiyaga talabni muqobillashtirish koʻzda tutilgan. Jismoniy va yuridik shaxslar har oy yakuni boʻyicha quyosh fotoelektr stansiyasidagi ikki yoqlama elektr hisoblagich (eksport, import koʻrsatkichlari) orqali yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan energiya hajmi va tizimdan isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmi oʻrtasidagi ijobiy tafovut miqdoridan kelib chiqib hisob-kitob qiladi.

Universitetda qoʻshimcha oʻrnatilishi rejalashtirilgan 1 ming 746 kilovatt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi yil davomida oʻrtacha 2 million 619 ming kilovatt soatdan 3 million 142 ming 800 kilovatt soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqaradi va lokal elektr tarmogʻiga uzatish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu odatda yil davomida katta maydondagi quyosh fotoelektr batareyalarining yuza birligiga tushayotgan quyosh nurlanishi oqim zichligining oʻzgarishiga bogʻliq. 2023-yilda universitetda quyosh fotoelektr stansiyalarini keng joriy etish hisobiga 3,14 million kilovatt soatgacha elektr energiyasini tejash mumkin.

Shuningdek, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hisobidan yiliga qariyb 2,6 milliard soʻm iqtisod qilinadi. Oliy oʻquv yurti negizidagi quyosh fotoelektr stansiyasida texnik ixtisoslikdagi talaba va tadqiqotchilarga eksperimental maʼlumotlarni olish va muayyan texnik yechimlarni sinab koʻrish imkoniyati yaratildi. 2022-yilda JURU Energy Consulting MCHJ korxonasining begʻaraz yordami bilan PV SYST paket dasturi universitetdagi muqobil energiya manbalari (quyosh va shamol energetikasi) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalari, magistrantlar va tayanch doktorantlarga oʻquv-ilmiy jarayonlarda foydalanish uchun topshirildi.

Aholi yashash joylarida-chi?

Endi ushbu holatni xonadonlarda koʻrib chiqsak. Uyimizda FES qurish uchun quyidagicha hisoblash ketma-ketligiga eʼtibor qaratish lozim. Buning uchun, avvalo, fotoelektr modullar, invertor, kontrollyor, akkumulyator hamda boshqa yordamchi qurilmalar kerak. Birinchidan, fotoelektr modulning turi, yaʼni polikristall kremniyli yoki monokristall kremniyli fotoelektr modulni tanlashimiz muhim. Ikkinchidan, uyda soatbay ishlatiladigan elektr energiya sarfidan kelib chiqib, invertor va kontrollyor tanlash darkor. Uchinchidan, uyda avtonom ishlaydigan va tungi paytda ham elektr energiyani FESdan olish va albatta, fotoelektrik modullarning quvvatidan kelib chiqib akkumulyatorlarni tanlash zarur. Nimaga aynan akkumulyatorli, degan savol tugʻilishi tabiiy.

Chunki 1 kilovatt quvvatdagi avtonom FESning afzalliklari juda koʻp. Akkumulyatsiya tizimiga ega boʻlmagan tarmoq FES (on grid)dan farqli ravishda energiya taʼminoti sutka davomida ham amalga oshirilishi mumkin. Tarmoq FES (on grid)dagi lokal elektr tarmogʻida tok boʻlmaganda stansiya ham toʻxtab turadi, yaʼni tarmoqqa elektr energiyasi uzatilmaydi.

Elektr energiyasida tez-tez uzilishlar boʻlayotgan hududlar uchun avtonom FES (off grid)dan foydalanish maqsadga muvofiq. Oʻrtacha hisobda 5 kishi istiqomat qiladigan va maishiy texnikalar (1 dona televizor, 1 dona xolodilnik, 1 dona konditsioner va 5 dona Led lampochka va boshqa)lar uchun kunlik elektr energiyasi isteʼmoli 5 kilovatt soatli FES kerak deb hisoblasak, har 1 kilovatt quvvatdagi avtonom FES uchun shu kunning bozordagi tannarxi 25 million soʻm atrofida baholanmoqda. Kelajakda FESlarning tannarxi pasayishi koʻpgina kompaniyalarning Oʻzbekiston energetika bozoriga kirib kelishi bilan bogʻliq.

Mamlakatimizda aholi sonining keskin oshishi hamda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanib, turmush darajasi yaxshilangani sari elektr energiyaga talab ham ortmoqda. Soʻnggi besh yilda yurtimizda elektr energiyasi isteʼmoli 20 foiz, jumladan, aholi tomonidan sarflanishi 31 foiz oshgan. Bu koʻrsatkich yiliga 6 foizdan oʻsib bormoqda. Jamiyat va davlat hayotining barcha sohasida kuzatilayotgan rivojlanish surʼati, eng avvalo, elektr energiyasiga ehtiyojning oʻsishiga ham olib kelmoqda.

“On Grid” yoki “Off Grid”: qay biri afzal?

Aholi yashash joylarida, binolarning tom qismida anʼanaviy lokal elektr tarmoqlari yaqinida (elektr energiyasi yoʻqotilishini kamaytirish maqsadida) quvvati 100 kilovattgacha boʻlgan “On Grid” — elektr tarmogʻiga parallel ulangan, boshqariladigan quyosh fotoelektr stansiyalari kompleksi sonini oshirish maqsadga muvofiq. “On Grid” — elektr tarmogʻiga parallel ulangan quyosh fotoelektr stansiyalari loyihalash usuliga qarab ikki turga boʻlinadi: akkumulyator tizimi boʻlmagan va akkumulyator tizimli.

Amaliyotda bunday fotoelektr stansiyalarning akkumulyator tizimi qoʻllanmagan varianti koʻp tarqalgan. Akkumulyator tizimisiz FES juda ishonchli. Amaliy jihatdan odamning xizmatini talab qilmaydi. Bundan tashqari, ular yordamida fotoelektr batareyalar energiyasidan maksimal foydalanish 98 foizgacha samaradorlikka ega. Bunday tizimlarda maxsus invertorlar ishlatilib, tarmoq bilan integrallashtiriladi. Tarmoqdan tayanch kuchlanishni shakllantirish, ishga tushirish va sinx ronizatsiyalashda foydalaniladi. Quyosh fotoelektr stansiyalarining butlovchi jihozlari hanuz xorijdan import qilinmoqda.

Shu sababli ularning tannarxi yuqoriligi saqlanib turibdi. Avtonom turdagi va tarmoq bilan integrallashgan quyosh fotoelektr stansiyalarining butlovchi qismlari turlicha boʻlgani hisobiga narxi bir-biridan farqlanadi. (Masalan, Oʻzbekiston ichki bozorida kichik korxonalarda 1 kilovatt quvvatdagi tarmoq bilan integrallashgan FES qiymati 11-13 million soʻm tursa, avtonom FES bahosi 24-25 million soʻm).

Bunda narxning keskin farqlanishi quyosh fotoelektr stansiyasi butlovchi qurilmalaridan biri boʻlgan akkumulyatorlar narxi yuqoriligi hisobigadir. Akkumulyatsiya tizimi quyosh fotoelektr stansiyasida umumiy tannarxning 50 foizini tashkil etadi. Oʻtgan oylarda kuzatilgan energiya taqchilligi vaqtida zaxira energiya taʼminotini oldindan rejalashtirish zarurati sezildi. Bunday holatlarda tarkibida akkumulyator tizimi boʻlgan “On Grid” — elektr tarmogʻiga parallel ulangan quyosh fotoelektr stansiyalaridan keng foydalanish maqsadga muvofiq.

Shu sababli yurtimizda sanoat miq yosida quyosh fotoelektr stansiyalari uchun maxsus germetik himoyalangan, uzoq yaroqlilik muddatiga ega akkumulyatorlarni ishlab chiqarish lozim. “Off Grid” — avtonom fotoelektr qurilmalari va stansiyalari hamda “On Grid” — elektr tarmogʻiga parallel ulangan fotoelektr stansiyalarning butlovchi qurilmalari va uskunalari oʻta qimmatligi sababli tannarxi yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa oʻz oʻrnida aholining ushbu qurilmalarni xarid qilish uchun imkoniyati chegaralanishiga olib keladi.

Mamlakatimizda avtonom va tarmoq fotoelektr qurilmalari hamda stansiyalarining butlovchi qismlarini seriyali ishlab chiqarish uchun xususiy sektorni kengroq jalb qilish va ularni ragʻbatlantirish mexanizmiga ehtiyoj mavjud.

Xulosa

Quyosh va boshqa turdagi energetik qurilmalarni hamda butlovchi uskunalarni ishlab chiqarishda mahalliy xomashyodan foydalanish hisobiga tannarxni arzonlashtirish, aholining isteʼmol qobiliyatini koʻzda tutish lozim. Yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish natijasida tabiiy gaz, yoqilgʻi energiya resurslari tejalishi, kelgusi avlodga tabiiy resurslarni oqilona yetkazib berish va “energiya tanqisligi” qoplanishiga ham erishish mumkin.

Tegishli qonunlar, Prezident farmon va qarorlari ijrosining taʼminlanishi mamlakatimizda quyosh yoki shamol elektr stansiyalari hamda boshqa turdagi energiyatejamkor energetik qurilmalarning aholi oʻrtasida keng ommalashishiga olib keladi. Aholida manfaatdorlik hissi shakllanadi. Quyosh fotoelektr stansiyasi orqali sof foyda olish, roʻzgʻorni moddiy taʼminlash uchun katta imkoniyatlar ochiladi.

Xarid qilingan quyosh yoki shamol elektr stansiyalarining oʻzini oʻzi qoplash muddati kamayadi. Shu tadbirlar natijasida aholining yashil texnologiyalardan samarador foydalanishi hamda ekologik toza, energetik qurilmalarning hayot tarzimizga singib borishiga keng yoʻl ochiladi.