Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan alyumin sexi aniqlandi

    Andijon shahrida alyumin mahsulotini qayta ishlab chiqarish sexi 6,7 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

    Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.

    "Oʻzenergoinspeksiya" Andijon viloyati hududiy boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligida oʻtkazilgan nazorat tadbirida Andijon shahrida faoliyat yuritayotgan "B.S.Z." MCHJ hududida fuqaro Y.A. ijara asosida alyumin mahsulotini qayta ishlash sexi tashkil etib, hujjatlarsiz, toʻgʻridan toʻgʻri gaz tarmogʻiga ulanganligi aniqlandi.

    Ushbu holat boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra davlat manfaatlariga 6 mlrd 782 mln soʻm zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi.

    Hozirda holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

    Elektr va gaz tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoʻli bilan talon-toroj qilish holatlari uchun qonunchilikda belgilangan qatʼiy choralar koʻrilishini unutmang, — deyiladi xabarda.