Navoiydan yo'lga chiqib, Nurota tog' tizmasidan o'tishingiz bilan magistralning ikki tomonida qir-adirliklar boshlanadi. Yo'lning chap tomondagi keng yaylovlar G'ozg'ontog' tizmalariga borib tutashadi. Uzunligi 40, eni 6 kilometrgacha cho'zilgan mazkur tog' buramalarida eng nodir marmar va granit konlari joylashgan. Ular ko'kish, bulutli, pushti, och sariq, yashil — jami 45 xildan ortiq rangga ega. O'ta issiqqa va namga chidamliligi, ishlov uchun qulayligi uning noyobligini yanada oshiradi.
Ayni paytda G'ozg'onda ko'hna toshtaroshlik san'ati va zamonaviy sanoat kelajagiga zamin yaratilmoqda. Prezidentimiz bundan uch yil oldin Navoiy viloyatiga tashrifi chog'ida G'ozg'ondagi marmar va granit konlari negizida tabiiy toshlarni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, bu ishlarni klaster tizimida amalga oshirish vazifasini qo'ygan edi. Topshiriqqa muvofiq, “Marmarobod” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Bir yil davomida 10 milliard so'm mablag' evaziga dashtlikdagi 6 gektar erda zamonaviy korxona ishga tushirildi. Xorijdan 655,5 ming dollarlik texnologiya olib kelinib, yiliga 24 ming kvadrat metr granitni qayta ishlash imkoniyati yaratildi.
Asosiy maqsad loyiha quvvatini yiliga 3 million kvadrat metrga yetkazish, mahsulotlar turini ko'paytirish va eksportga yo'naltirishga qaratilmoqda. Buning natijasida yillik ishlab chiqarish hajmi 250 milliard so'mga, eksport 10 million dollarga yetishi, bir yarim mingga yaqin ish o'rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda yagona hisoblangan mazkur klasterning hududi 37 gektar. U o'z tarkibiga granit va marmar konlaridan tortib ishlab chiqarish korxonalarigacha qamrab olgan. Koronavirus avjiga chiqqan davrda ham uning quvvatlari va qurilish ob'ektlarida ish bir zum tingani yo'q. Hozirgi kunda Pashshot, Pargat konlarining ustki qismini ochish bilan birgalikda yangi uskunalar yordamida granit toshlar ham qazib olinyapti. Kar'erlar to'liq ochilishi bilan kunlik hajm 200, yilligi esa 72 000 kub metrga yetishi kerak.
— U barcha qayta ishlovchilarni xomashyo bilan ta'minlaydi, — deydi korxona rahbari Shavkat Sharipov. — Uning yillik quvvati 70 ming kub metr tabiiy toshni qazib olishga mo'ljallangan. Bu hajm dastlabki bosqichda bosh korxonaning ham, tadbirkorlarning ham ehtiyojini to'la qondiradi.
Bundan tashqari, klaster tarkibida g'ozg'onlik mahalliy tadbirkorlar uchun 10 ta ishlab chiqarish binosi barpo etildi. Ularni qurish va zamonaviy qayta ishlash dastgohlari bilan jihozlash uchun ishbilarmonlarga imtiyozli kreditlar taqdim etildi.
“Marmarobod” hududida bank, servis xizmatlari, o'quv markazi, ehtiyot qismlar va dastgohlar do'koni tashkil qilindi. Uning dilerlik tarmog'i poytaxtimizda va boshqa viloyatlarda ham tobora kengayib boryapti. Ushbu filiallar orqali xaridorlar o'z yashash manzilidan turib, istalgan tur va hajmdagi mahsulotga buyurtma berishi mumkin. Yana bir jihati, xaridorlarni topishda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzurida tashkil etilgan sanoat kooperatsiyasi portali ham yaqin ko'makchi bo'layotir.
Yaqinda shahar maqomini olgan G'ozg'onning yaqin kelajagini bamisoli tabiiy pardozbop toshlar “vodiysi”ga qiyoslash mumkin. Bu yerda biz hikoya qilgan korxonalar qatorida tabiiy pardozbop materiallar ishlab chiqaruvchi “Navoi Process Stone” QK va “Gazgan stone” MCHJ ham faoliyat ko'rsatmoqda. “Gazgan Marble Grup” MCHJ esa granit toshlarni qayta ishlashda hosil bo'ladigan uvoqlardan kompozit qoplama materiallar tayyorlashga ixtisoslashgan.
Aytish mumkinki, G'ozg'on pardozbop toshlar bo'yicha O'zbekistonning jahon bozoridagi brendini yuzaga keltiruvchi alohida ishlab chiqarish makoniga aylanmoqda. Ayni paytda bu yerda kichik sanoat quvvatlari 170 dan ortib, qo'shma korxonalar soni 8 taga, tabiiy toshlarni qazib olish bilan shug'ullanuvchi biznes sub'ektlari 25 taga yetdi. Hududiy eksport hajmi esa 900 ming dollarni tashkil etadi.
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri