Tadbir: "Zamonaviy Oʼzbekistonda ayollar uchun imkoniyatlar”

    Toshkent shahridagi Amity universitetida “Zamonaviy Oʼzbekistonda ayollar uchun imkoniyatlar” mavzusidagi tadbir tashkil etildi.

    Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyot dasturi (BMTTD), Artel kompaniyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, IT Park va xalqaro ayollar hamjamiyati — Wonder Women hamkorligida tashkil etildi.

    Xotin-qizlarni maʼrifatli qilish, dunyoqarashini kengaytirish va ular tanlash huquqiga ega ekani, yurtimizda xotin-qizlarning kamolotiga qaratilgan eʼtibor gʼoyasini yetkazish maqsad qilingan tadbirda maktab oʼquvchilari, universitet talabalari va ish qidirayotgan xotin-qizlar qatnashdi.

    Darhaqiqat, bilimli, dunyoqarashi keng ayollar doim jamiyat taraqqiyotida muhim oʼrin egallagan. Shu bois mamlakatimizda gender tenglikka erishish borasida qator amaliy ishlar bajarilmoqda. Masalan, 2019 yil 2 sentyabrь kuni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilindi.

    Bundan tashqari, Oʼzbekistonda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi ishlab chiqildi. Ushbu strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli taʼlimni taʼminlash, qishloq joylarida qizlarning oliy maʼlumotga ega boʼlishi, zoʼravonlikka yoʼl qoʼymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan. Umuman olganda soʼnggi yillarda ayollarning taʼlim olishi uchun keng imkoniyat yaratish davlat siyosati darajasiga koʼtarildi. Bunday tarixiy jarayonda yirik kompaniyalar ham sohaga oʼz hissasini qoʼshishi, turli ijtimoiy loyihalar orqali xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlashi zarur.

    Jumladan, Artel kompaniyasi doim ayollarni qoʼllab-quvvatlash, ularning bilim olish va oʼzlari istagan kasb egasi boʼlishi tarafdori boʼlib kelmoqda. Shu bois kompaniyada faoliyat yuritayotgan ayollarga bir qadar imtiyozlarni joriy etib, ularni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʼllab-quvvatlashga alohida eʼtibor berib kelmoqda.

    Tadbirda qatnashgan barcha maʼruzachilar ayollarning taʼlim olishi, rahbar lavozimlarda faoliyat yuritishi kabi qator mavzularda fikr yuritdi. Ular yurtimizda ayollarga yaratilayotgan qulayliklar, ulardan samarali foydalanish, taʼlim va karьerasini yuksaltirishda mavjud imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi. Bundan tashqari, qizlar uchun taʼlim olishning ahamiyatiga qaratilgan videoroliklar namoyish etildi.

    Shuningdek, davlat idoralari, xususiy tashkilotlar vakillari va loyiha taʼsischilari endigina katta hayotga qadam bosayotgan qizlarga maslahatlar berib, sinovlardan qoʼrqmay maqsad sari doim olgʼa intilish kerak ekanligini taʼkidlashdi. Maʼruzachilarning oʼzlari bosib oʼtgan hayot yoʼlidagi sinovli, ibratli voqealari tinglovchilarda katta qiziqish uygʼotib, ularni olgʼa intilishga ilhomlantirdi.