Tashkilot 1991-yildan buyon xotin-qizlarning iqtisodiy-ijtimoiy huquqlarini kengaytirish va himoya qilish, tadbirkorlik va ijtimoiy tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, moliyaviy va axborot resurslaridan samarali foydalanishni ta'minlash, gender tenglik, xotin-qizlar mehnatining raqobatbardoshligini oshirish kabi qator vazifalar doirasida faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungacha ana shu maqsadlarga qaratilgan 100 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan. 50 320 nafar ayollar seminar va malaka oshirish ta'lim dasturlarida ishtirok etdi, 43 ming nafar ayollar biznes asoslariga o'qitildi. 30 ming atrofida yangi ish o'rinlari yaratildi. 

O'tgan yili ana shu Assotsiatsiyaga xalqaro maqomi berilgani katta yutuqlardan biri. Tashkilot binosida bo'lib o'tgan “O'zbekistonda ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi davra suhbatida ushbu maqomning ahamiyati, oldinda turgan maqsad-va vazifalar haqida so'z bordi. Tadbirda xorijiy davlatlarning O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpusi, xalqaro tashkilotlar, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, OAV vakillari ishtirok etdi.

— O'tgan davr mobaynida Assotsiatsiya mamlakatimiz va xorijda tan olingan, barcha darajadagi — chekka qishloqlardan tortib, yirik shaharlarda faoliyat ko'rsatayotgan xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlovchi kuchli jamoaga aylandi, — deydi “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova. — Mentor—murabbiylarning hududiy ma'lumotlar bazasi ishlab chiqilib, ishga tushirildi. “Ustoz–shogird” ta'lim tarmog'i muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bugungacha assotsiatsiya qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qo'shma loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. “Tadbirkor ayol”ni  EXHT, BMT, BMTTD, USAID, ETTB, ITB va qator xalqaro tashkilotlar bilan mustahkam aloqa rishtalari bog'lab turadi. Ushbu tashkilotlar bilan uzviy hamkorlik xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash, tadbirkorlikka o'rgatish, ayollar migratsiyasi, gender tengligi va iqtisodiy integratsiya, savdoning globallashuvi va yangi ish o'rinlari yaratish masalalarini hal etish imkonini bermoqda. Tashkilotimiz o'tgan yili xalqaro maqomini olgach, loyihalarimiz ko'lami yanada kengayadi. Xususan, tadbirkor ayollarimizning xorij bozorlariga chiqish darajasini oshirish, chet ellik tadbirkor xotin-qizlar bilan aloqalar o'rnatishni rejalashtirganmiz.

Tadbirda ishtirok etgan xalqaro hamkorlar, xorij davlatlari vakillari ham o'z fikrlarini bildirdi. Ular O'zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasida assotsiatsiya sa'y-harakatlari, davlat, mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan ishlash samarali mexanizmiga yuqori baho berdilar. Xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikning yangi nuqtalari muhokama etildi.

Bugungi kunda assotsiatsiya safida 17 mingga yaqin a'zo bo'lib, mamlakatimizda tashkilotning 68 hududiy bo'limi faoliyat ko'rsatmoqda, 200 dan ortiq trenerlar xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga o'zlarining salmoqli hissalarini qo'shmoqda. 

Assotsiatsiya tomonidan taqdim etilgan 5 yillik qisqa, o'rta, uzoq muddatli maqsadlar xalqaro hamjamiyat, mamlakatimiz mas'ul idora va tashkilotlari va xotin-qizlarimiz harakatlarini o'zaro manfaatli birlashtirish, O'zbekistonda ayollar tadbirkorligi harakatini yanada rivojlantirish imkoniyatlarini beradi. 

         Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri