2023-yilda jami 59,4 mln. dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylari uchun tumanga jami 30,6 mln. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi belgilangan boʻlib amalda 31,1 mln. dollar yoki 101,6 foizga bajarildi.
Tumanda ana shunday tadbirkorlar safini kengaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, aholi farovonligini taʼminlash maqsadida amaliy ishlar davom etmoqda.

Hududda faoliyat yuritayotgan tashabbuskor, halol tadbirkorlikni yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tuman hokimi O.Ataullayev tashabbusi bilan “Hokim va tadbirkorlar uchrashuvi” oʻtkazildi.

Uchrashuv tadbiriga lider tadbirkorlar qatorida tadbirkorlikka qiziqqan, faoliyatini kengaytirish istagida boʻlgan yoshlar va xotin-qizlar ham taklif etildi.

Dastlab, tuman hokimi O.Ataullayev kirish soʻzida fidoiy, jamiyatga foydasi tegayotgan, qonuniy ishbilarmonlikni yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarni himoya qilishini va ular uchun hamisha xizmatga shay ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Soʻngra lider tadbirkorlar tomonidan kechib oʻtgan yoʻllari, erishilgan yutuqlari va muvaffaqiyat sirlari haqida master-klass oʻtkazildi.
Murojaat va takliflari boʻlgan tadbikorlarning masalalari birma-bir soha vakillari bilan oʻrganib chiqildi. Ularning ijrosini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berilib, tegishli tartibda ijobiy hal etilishi taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, endigina tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan yoshlar murojaatlari ham qoʻllab-quvvatlandi. Masalan, Gʻalaba mahallasida tikuvchilikni yoʻlga qoʻyib, ish oʻrinlarini yaratgan Z.Arifbayeva tekstil faoliyati uchun maxsus dazmol kerakligini maʼlum qilgach, tez fursatlarda soʻralgan texnikasi subsidiya tartibida olib beriladigan boʻldi.
Tuyaboʻgʻiz mahallasida 25 oʻrinli xususiy maktabgacha taʼlim muassasasini yoʻlga qoʻygan S.Vohidova faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli va uzoq muddatli bank kreditini olishda amaliy koʻmak soʻradi. Murojaatdan soʻng AT “Xalq banki” Yangiyoʻl filiali tomonidan oʻrnatilgan tartibda oʻrganilib, amaliy yordam berilishi maʼlum qilindi. Uchrashuv qizgʻin savol-javoblarga boy boʻldi.

Qizgʻin oʻtgan tadbirda yigʻilganlar lider tadbirkorlarning ishlab chiqarish obyektlariga taklif etilib, sayohat tashkillashtirildi.

Qop ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan “PRICELESS MILK” MCHJ korxonasidan boshlangan sayohat “Enter Steel” MCHJ XK korxonasida yakunlandi.

Tadbir mobaynida lider tadbirkorlarga yoshlar biriktirilib, ustoz-shogird anʼanalari yoʻlga qoʻyildi.