Bundan ikki yil oldin davlat rahbarining biznes vakillari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi tashkil qilinib, toʻplanib qolgan masalalarga birgalikda yechim topish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan edi.
2021-yilda mana shunday muloqot ortidan 57 ta, 2022-yilda esa 55 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Shu yil 18-avgust kuni boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda ham biz, tadbirkorlar koʻnglidagi koʻplab gaplar aytildi. Xususan, ochiq muloqotda korxonamiz nomi qayta-qayta tilga olindi. “...Chet el brendini olib keling, mahsulot sifatini oshiring, dunyoga chiqing”, dedi davlatimiz rahbari. Bundan boshimiz osmonga yetdi.
Kichik biznes — bu mahallaga, tumanga yangi muhit olib kiradigan, odamlarimizga shij́oat beradigan tadbirkorlik subyekti. Iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan koʻplab davlatlarda ish oʻrinlarining 70-80 foizi shu soha vakillari tomonidan yaratilmoqda.
Biz uchun yana bir muhim yangilik. Endi kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investitsiya kirit́sa, 45 foiziga Biznesni rivojlantirish banki, qolgan 45 foizi uchun davlat koʻmagida resurs yoʻnaltiriladi.
Kreditlar tadbirkorlarga 5-7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablagʻlarning 150 million dollari boʻyicha kredit liniyalari 1-oktyabrdan ochiladigan boʻldi. Oʻz biznesini yoʻlga qoʻya olgan, kredit va soliq tarixi toza tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foiz kamaytirilishi ham soha rivojiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Loyihani amalga oshirishda qoʻshimcha resursga ehtiyoji bor korxonalarga mavjud kreditga qoʻshimcha mablagʻ ajratishga ruxsat beriladi. Buning uchun yiliga qoʻshimcha 1 trillion soʻm ajratiladi. Shuningdek, loyiha doirasida olib kiriladigan asbob-uskunani sugʻurtalash, xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlari markazlar tomonidan qoplab beriladi. Eng muhimi, dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes korxonalari faoliyatini uch yilgacha tekshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Toʻgʻrisi, “Shuhrat” medaliga loyiq koʻrilaman, deb oʻylamaganman. Bundan juda xursand boʻldim.
Kelgusida mana shu yengillik va imkoniyatlardan foydalanib, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga oʻz hissamni qoʻshishga harakat qilaman.
Oʻktamjon ORTIQOV,
Asaka tumanidagi “Sino International Invest”
MCHJ direktori,
“Shuhrat” medali sohibi