Yakkabogʻ tumanida faoliyat yurituvchi “Komilon” fermer xoʻjaligi hokim qaroridan norozi boʻlib, Biznes-ombudsman devoniga murojaat qilgan.
Murojaatga koʻra, 2019-yilda tuman hokimligi tomonidan fermer xoʻjaligiga sutni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish uchun er maydoni ajratilgan. Fermer xoʻjaligi tomonidan loyihaning 50 foizdan ortigʻi amalga oshirilgan boʻlishiga qaramasdan, tuman hokimining 2022-yildagi qarori bilan er ajratish toʻgʻrisidagi qaror bekor qilingan.
Vaholanki, “Maʻmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaxslarning maʻmuriy hujjatga boʻlgan ishonchi qonun bilan qoʻriqlanadi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning PF-6243-son Farmonining 4-bandiga muvofiq tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan er uchastkalariga boʻlgan huquqlarni belgilash, eʻtirof etish, oʻzgartirish, bekor qilish huquqi 2021-yil 1-avgustdan bekor qilingan.
Ushbu holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan fermer xoʻjaligi manfaatida Qarshi tumanlararo maʻmuriy sudiga shikoyat kiritilgan va natijada fermer xoʻjaligi manfaatiga zid tarzda chiqarilgan hokim qarori haqiqiy emas deb topildi. Bu haqida Biznes-ombudsman rasmiy kanali orqali xabar bermoqda.