“Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga kelib tushgan murojaatlar tahlil qilindi

    2023-yil 1-aprel holatiga koʻra, “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga jami 1 961 ta murojaat kelib tushgan.

    Mazmuniga koʻra, murojaatlarning 20 foizi bank va kreditga oid, 18 foizi yer maydoni yoki bino ajratishga oid, 10 foizi soliqqa oid, 8 foizi infratuzilmaga oid, mansabdor shaxslarning xatti-harakatiga oid, qolgan 37 foizi boshqa masalalarga tegishli.

    Murojaatlarning aksariyat qismi Qashqadaryo viloyati (19 foiz), Toshkent shahri (15 foiz), Surxondaryo viloyati (9 foiz) va Samarqand viloyatiga (8 foiz) toʻgʻri keladi. Kelib tushgan murojaatlar asosida tadbirkorlarga 2,131 mln soʻmdan oshiq kredit ajratilishi, 1,635 mln soʻm pul mablagʻlarini undirishda, 196 mln soʻm miqdorida asossiz toʻlangan soliq summalari qaytarilishida yordam koʻrsatilgan.

    “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddati ustidan Biznes-ombudsman tomonidan nazorat oʻrnatilgan. Oʻrganish davomida, masʼul tashkilot va idoralar tomonidan muddat buzilish holatlari jami 205 ta (121 tasi tadbirkorlik subyektlari va 84 tasi tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan fuqarolar) murojaat koʻrib chiqish muddatlariga rioya qilinmasdan javob xatlar berilganligi aniqlandi.

    Hududlar kesimida: Qashqadaryo viloyatida 47 ta, Toshkent shahrida 34 ta, Samarqand viloyatida 24 ta, Surxondaryo viloyatida 23 ta, Toshkent viloyatida 18 ta, Buxoro viloyatida 17 ta, Andijon viloyatida 12 ta, Xorazm, Jizzax viloyatlarida 6 tadan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Namangan viloyatida 5 tadan, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida 4 tadan. Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini koʻrib chiqishda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslariga nisbatan 43 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib (hokimiyatlar 22 ta, banklar 4 ta, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ 4 ta), tegishli organlarga 15 ta taqdimnoma kiritildi.

    Taqdimnoma ijrosi boʻyicha 29 ta masʼulga hayfsan, 16 nafar xodimga jarima qoʻllanilgan, 1 nafar mansabdor shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

    Hurmatli Tadbirkorlar! Faoliyatingizda muammo yoki takliflar boʻlsa, business.gov.uz sayti yoki 1100 qisqa raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin.