Faqat davr talablariga javob beradigan Asosiy Qonungina yirik ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarning samaradorligi uchun zarur boʻlgan rivojlanish va barqarorlik uygʻunligini taʼminlab bera oladi.
Yangilangan Konstitutsiya davlatimiz va jamiyatimizning nafaqat bugungi qiyofasi, hayot tarzi, balki kelajagini, ezgu maqsadlarimizning huquqiy zamin va poydevorini belgilab beruvchi hujjatdir. Unda belgilab qoʻyilgan maqsad va vazifalarga erishish, yurtimizda tinch, erkin va obod hayot barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yoʻlida muttasil ish olib borilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, jamiyatda, har qaysi oila va fuqaro hayotida qanday ijobiy oʻzgarishlar sodir boʻlayotgan boʻlsa, bularning barchasi yangi Konstitutsiyamiz bilan huquqiy mustahkamlab berilgan, desak yangilishmaymiz.
Jumladan, mamlakatimizning har bir hududida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari senator va deputatlarning xalq bilan muntazam muloqot olib borishi zamirida ham milliy qomusimiz asoslari mujassamdir.
Konstitutsiyamizning 40-moddasida har kim bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekani belgilangan. Shuningdek, fuqarolarning bu konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish mexanizmi Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, boshqa tegishli qonunlar hamda meʼyoriy hujjatlar bilan mustahkamlangan.
Maʼlumki, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, manfaatlarini himoya qilish tamoyiliga tayanib, bugun ushbu ezgu va oliyjanob maqsadlar asosida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida xalq bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullari tizimli ravishda tashkil etilganini har bir tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan Prezident Xalq qabulxonalarida hamda vertual qabulxonalar misolida koʻrishimiz mumkin. Shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlarida fuqarolarning murojaatini qabul qilish mexanizmi ham yaratildi.
Bugungi kunda mamlakatimiz bosh qomusi oʻzbek xalqining ozodlik va mustaqillik yoʻlidagi intilishi, xalqimizning imkoniyati va salohiyatini ishga solish, jamiyatning barqaror rivojlantirish, iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni demokratlashtirishning asoslarining taʼminlab kelmoqda.
Inson omili uning mafaatlarini himoyalash chinkam demokratik, adolatli davlatga xos xususiyatdir. Asosiy qonunimizning 65-moddasida koʻrsatib oʻtilganidek, davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, isteʼmolchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.Bu esa oʻz navbatida tadbirkorlarga, mahalliy va xorijiy investorlarga qulay ishbilarmon sharoitini yaratilishidan amaliy yordam beradi.
Taʼkidlash joiz, bugungi kunda bosh qomusimiz va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy hamda ishbilarmon muhitni yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilgan. Inspeksiya tomonidan hududlarda ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda tadbirkorlik subyektlarining faoliyati yaqindan oʻrganilib, ularning qonuniy faoliyat yuritishlarida koʻmaklashilmoqda.
Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, keyingi yillar Bosh qomusimizga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqqan holda qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Ayniqsa, davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratish, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uygʻun faoliyatini tashkil etish, inson manfaatlarini himoya qilish, saylov qonunchiligini mustahkamlash bilan bogʻliq muhim toʻldirishlar amalga oshirildi.
Milliy Qomusimizga kiritilgan yangi, zamoanaviy va huquqiy jihatdan juda muhim normalarning hayotga tatbiq etilishi yurtimiz va yurtdoshlarimiz tarixida inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari hamda qadr-qimmatini ulugʻlash borasida yangi davrni boshlab berdi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balanparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashlni nazarda tutamiz. ”
Xulosa qilib aytganda, Yangi Oʻzbekistonning Yangi Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolarimiz turmush tarzini yuksaltirishga, bozor iqtisodiyotni rivojlantirishga, milliy manfaatlarimiz, istiqlolimiz va buyuk kelajagimizning huquqiy kafolatini taʼminlashga xizmat qiladi.
Utkirjon QOBILOV
Bosh prokuratura huzuridagi Departament qoshidagi
Alkogol va tamaki bozorini
tartibga solish inspeksiyasi boshligʻi,
adliya katta maslahatchisi