Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida bo'lib o'tgan “Mamlakatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan bo'lajak ochiq muloqoti doirasida tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo'yicha Shtab faoliyati natijalari” mavzuidagi brifingda ana shu masalalar haqida so'z bordi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlariga maxsus Shtabga kelib tushgan murojaatlar hamda ularning echimlari bo'yichi ma'lumot berildi.
— Tarixda birinchi bor o'tkaziladigan Prezidentimizning tadbirkorlar va investorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ishlari davom etyapti, — dedi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o'rinbosari Aziz Voitov. — Ishbilarmonlar va aholi murojaatlari 20-iyuldan 10-avgustga qadar kun-u tun va dam olish kunlarisiz ishlagan koll-markazlar, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimiz orqali qabul qilindi. Ayni paytda kelib tushgan barcha murojaatlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida tashkil etilgan masus SHtabda jamlanib, tegishli vazirlik-tashkilotlar bilan birgalikda doimiy ravishda muhokama qilib borilmoqda. Muammolarning yechimlari bo'yicha ham ishlar tashkil etildi.
Brifingda aytilishicha, shu kunga qadar Shtabga 15 300 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 13 941 tasi individul muammolar, 1 234 tasi tizimli masala va takliflar hamda 128 tasi boshqa murojaatlar hisoblanadi. Bugungi kunga kelib 12 401 ta masala ijobiy hal qilingan va bu 81 foizni tashkil etadi. 2 980 ta muammo hal etish jarayonida.
Hududlar kesimida tahlil qilganda eng ko'p — Toshkent shahridan 1 564 ta, Surxondaryo viloyatidan 1 395 ta, Toshkent viloyatidan 1 357 ta, Qashqadaryo viloyatidan 1 288 ta, Farg'ona viloyatidan 1 257 ta murojaat va takliflar kelib tushgan.
Hozirda ishchi guruhlar tomonidan qabul qilingan masalalarni tizimlashtirish, tasdiqlashtirish hamda aniqlangan muammolarning yechimini ishlab chiqish ustida ishlar olib borilmoqda.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri