Tadbirkorlarga elektrotexnika sanoatidagi investitsiya loyihalari uchun imtiyozli kreditlar beriladi

    Mamlakatimizda 13 Yanvar 2024 1426

    “Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–15-son, 10.01.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2024-2025-yillar uchun elektrotexnika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha asosiy maqsadli koʻrsatkichlar belgilandi. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:

    • misni qayta ishlash quvvatini 2024-yilda 140 ming va 2025-yilda 160 ming tonnaga yetkazish;
    • mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2024-yilda 30,8 trillion soʻmgacha va 2025-yilda 38 trillion soʻmgacha oshirish;
    • mahsulotlar eksport hajmini 2024-yilda 1,5 milliard AQSH dollari va 2025-yilda 2 millard AQSH dollari miqdorida taʼminlash.

    Elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024-2026-yillarda tijorat banklariga, ularning buyurtmasiga asosan 3-yillik imtiyozli davr bilan 10-yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada 100 mln AQSH dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi.

    Bunda banklar tomonidan tadbirkorlarga 3-yillik imtiyozli davr bilan 10-yil muddatga yillik 7 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi.

    2027-yil 1-yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam boʻlmagan elektrotexnika tarmogʻi korxonalariga foyda soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha stavkalar 50 foizga kamaytiriladi.

    2024-yil 1-apreldan davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (Oʻzbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

    - 3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;
    - 2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz;
    - 1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz.

    Qaror bilan shuningdek, 2024-yil 1-fevraldan Oʻzbekistonga olib kirishda ularning sifati, xavfsizligi va servis kafolatini taʼminlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud boʻlishi talab qilinadigan mahsulotlar roʻyxati tasdiqlandi.