Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyularida “Yangi Oʻzbekiston – bu, avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois mamlakatimiz iqtisodiy tizimi toʻliq qayta qurilmoqda, qanchalik ogʻir boʻlmasin, bozor mexanizmlarini amalda joriy etishni boshladik”, deb bejiz taʼkidlab oʻtmaganlar.

Buning yorqin misoli sifatida mamalakatimizda oxirgi yillarda olib borilayotgan siyosat, tadbirkorlik faoliyati erkinligi va kafolatlarini toʻliq taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hamda qonun osti hujjatlarini koʻrishimiz mumkin.

Masalan, Prezidentimizning 2019-yil 3-avgustdagi “Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlanishini soʻzsiz taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoyishlariga asosan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrda “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini taʼminlash hamda yer uchastkalarini olib qoʻyish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan shu davrga qadar jismoniy va yuridik shaxslardan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun mol-mulklarni olishda yoʻl qoʻyib kelingan barcha kamchiliklarga toʻliq chek qoʻyildi.

Shuningdek, tadbirkorlar oʻz biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi imkoniyatlarga ega boʻlmoqda. Dehqon va fermerlar, klaster xoʻjaliklari oʻzlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda.

Biznes ombudsman tomonidan 2021-yil davomida tadbirkorlik subyektlarining 4 768 ta murojaatlari koʻrib chiqilgan boʻlib, shundan 2 373 tasi qanoatlantirilgan.

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat organlariga 202 ta taqdimnoma, 84 ta xulosa, 63 ta ogohnoma kiritilgan.

Shuningdek, buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan sudlarga 125 ta daʼvo arizasi, 8 ta apellyatsiya va 13 ta kassatsiya shikoyati kiritilgan.

Tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan 1128 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ushbu taʼsir choralar natijasida davlat organlarining noqonuniy qabul qilingan 446 ta qarori bekor qilingan. Olib borilayotgan izchil islohotlar real hayotga tatbiq etilayotganligi natijasida tadbirkorlik subyektlarining soni yil sayin oshib borayotganligini koʻrishimiz mumkin.

Jumladan, 2021-yilning yarim yilligida 52 561 ta yangitdan yuridik shaxslar tashkil etilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 37 foiz koʻp demakdir.

2021-yil 1-iyul holatiga koʻra faoliyat koʻrsatayotgan 416 092 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarning 58 785 tasi sanoat, 17 542 tasi qurilish, 117 230 tasi qishloq xoʻjaligi, 103 508 tasi savdo, 10 433 tasi umumiy ovqatlanish va 108 594 tasi boshqa sohalarda faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Davlat rahbari oʻz intervyularida “Tadbirkorlar ularni qoʻllab-quvvatlash haqidagi chiroyli soʻzlarni koʻp eshitgan, endi bu gaplarning amaliy taʼsiri va natijasini oʻz kundalik faoliyatida his etishi kerak”ligini taʼkidlab oʻtgan. Ushbu fikrlarining isboti tariqasida joriy yilning 20-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasining tarixida birinchi marotaba davlat rahbarining tadbirkorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlari tashkil qilindi. Ushbu muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan koʻp berilgan masalalarni hal etishga qaratilgan 7 ta muhim yoʻnalish boʻyicha bir qator erkinliklar berish toʻgʻrisida topshiriqlar berildi. 

Masalan, tadbirkorlarning korxonalari joylashgan, hozirda egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida egallab turgan yer maydonlari ularga mulk qilib rasmiylashtirib berilishi, yaʼni bu yerni boshqa odam sotib ololmasligi, uni xususiylashtirishga faqat yer egasining oʻzi haqli boʻlishi;

bundan buyon davlat mulki obyektlari, ular joylashgan yer bilan birga, yagona mulkiy majmua sifatida auksion orqali sotilishi, binoni sotib olgan tadbirkorlar unga biriktirilgan yerga ham xususiy mulk huquqi asosida egalik qilishi;

banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb qilishidan qatʼiy nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – “soʻm”da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yoʻlga qoʻyilishi va tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini faqatgina qogʻozda emas, real hayotda kafolatlaydigan boshqa topshiriqlarini koʻrishimiz mumkin.  

Davlatimiz rahbari aytganlaridek “Barchamiz bir haqiqatni chuqur anglab olishimiz kerak: tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash – fuqarolar, xalqimiz farovonligini oshirishning eng samarali yoʻli, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning pirovard maqsadidir”.

Eldor Tashxodjayev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining

 huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya

 qilish boʻyicha vakil devoni yetakchi inspektori