Respublika yalpi ichki mahsulotida tadbirkorlar ulushi tobora ortib borayotgani ham bu boradagi faoliyatga jiddiy yondashishni taqozo etmoqda.   Hududlarda biznes yuritish shart-sharoitlarni yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirishga oid islohotlarni izchil davom ettirish, tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, ularni zarur moliyaviy va infratuzilmaviy resurslar bilan ta'minlashga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilmoqda.

O'z navbatida, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish ham e'tibordan chetda qolayotgani yo'q. Xususan, Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan viloyatda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub'ektlari bilan uzviy aloqa yo'lga qo'yilgan bo'lib, “Adliya — tadbirkorga ko'makchi” shiori ostida ularning buzilgan huquqlarini tiklashda qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan xususiy tadbirkorlik sub'yektlari, shu jumladan, kichik biznes sub'yektlari, fermer xo'jaliklari, dehqon xo'jaliklari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar  manfaati yuzasidan 166 ta murojaat ko'rib chiqilib, bir milliard so'mdan ortiq mablag' ularning foydasiga undirib berildi.

Jumladan, “WONDERFUL TEXTILE” MCHJ rahbari M.Muratovning soliq organi mansabdor shaxslari xatti-harakatidan norozi bo'lib yo'llagan murojaati ko'rib chiqilganida qo'shilgan qiymat solig'ining salbiy farq summasi o'rnini qoplash to'g'risidagi jamiyatning arizasi soliq organlari tomonidan asossiz rad qilinganligi aniqlangan.

Shu munosabat bilan, adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning 9 fevralida soliq organiga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to'g'risida taqdimnoma kiritildi.

Natijada, taqdimnomada ko'rsatilgan holatlar soliq organi tomonidan bartaraf etilib, tadbirkorga qo'shilgan qiymat solig'ining salbiy farq summasi qaytarib berildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida faoliyat olib boruvchi “MY BERRY” va “OQ OLTIN GOLDEN FRUITS” MCHJlar tomonidan jamiyatlarga hisoblangan qo'shimcha qiymat solig'i qaytarilmaganligidan norozi bo'lib murojaat qildi. Mazkur murojaat viloyat adliya boshqarmasi xodimlari tomonidan atroflicha ko'rib chiqilib, jamiyatlarning qo'shilgan qiymat solig'ining o'rnini qoplash to'g'risidagi arizalari soliq organi tomonidan asossiz rad etilganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan tadbirkorlar manfaatida soliq organining qo'shilgan qiymat solig'ining o'rnini qoplashni rad etish to'g'risidagi qarorlarini haqiqiy emas deb topish haqida Toshkent tumanlararo ma'muriy sudiga shikoyat arizasi kiritildi. Sudning hal qiluv qarorlariga asosan “OQ OLTIN GOLDEN FRUITS” va “MY BERRY” MCHJlar manfaatlarida javobgar soliq organi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga nisbatan kiritilgan arizasi qanoatlantirilib, soliq organining qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Bugun tadbirkorlarning muammolariga yechim topilayotgani, ularning qonuniy manfaatlari davlat himoyasida ekanligi yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratishga asos bo'lmoqda. Zero, tadbirkorlarda qonun ustuvorligiga ishonch bo'lsagina, soha rivojlanishiga muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

Sanjar Adenov,

Toshkent viloyat adliya boshqarmasi
bosh maslahatchisi