“Tadbirkorlik kodeksi” loyihasi bilan quyidagilar nazarda tutilmoqda:

– Kodeks loyihasi bilan yaxlit 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihalari va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari birlashtirilib tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdan boshlab uni tugatishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni tartibga solishga qaratilgan;

– ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasiga asosan, tadbirkorlik subyektlari kichik, oʻrta va yirik toifalarga ajratilmoqda;

– tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shakllari bazasi ixchamlashtirilib, tadbirkorlar ichida ommabop boʻlmagan “xoʻjalik shirkati” tashkiliy-huquqiy shakli bekor qilinmoqda;

– yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda;

– tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda;

– 43 ta davlat organining 146 ta nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan 18 turdagi tekshiruvlar roʻyxatlari mazkur Kodeksga ilova sifatida tasdiqlanmoqda. Bunda roʻyxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda;

– davlat nazoratining 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat maʼlumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilishi belgilanmoqda.