Tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshirilganda Biznes-ombudsman xabardor etiladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni (PF-184-son, 14.11.2024-y.) qabul qilindi.

    Farmonga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan:

    • jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi;
    • “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi.

    Elektron tizimda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, oʻrta va yuqori darajalarga tasniflanadi.

    Xavf darajasi past boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar oʻtkazilmaydi.

    2025-yil 1-yanvardan quyidagilar uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi:

    • fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish;
    • majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish;
    • xodimlar sonini yashirish.

    2025-yil 1-martdan boshlab sudda ish yuritish taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatilganda, davlat boji birinchi instansiya sudida – 70 foizi, apellyatsiya va kassatsiyada – 30 foizi qaytarib beriladi.

    Farmon bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibi joriy etiladi.

    Bunda tekshiriladigan tadbirkorlik subyekti aniq boʻlmagan holatlarda, tekshiruv boshlangandan soʻng 24 soat ichida Biznes-ombudsman xabardor etiladi.