Bu va boshqa bir qator savollar reyting uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni olish imkonini beradigan anketaga kiritilgan. Mazkur reytingda chakana savdo obyektlari (doʻkonlar, savdo majmualari, avtosalonlar, zargarlik doʻkonlari va boshqalar) hamda umumiy ovqatlanish obyektlari (kafe, bistro, restoran va boshqalar) ishtirok etadi, deya xabar beradi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi.

Taʼkidlanishicha, birinchi bosqichda ishtirokchi tomonidan anketa-soʻrovnoma toʻldiriladi va bu maʼlumotlar Agentlik tomonidan oʻrganib chiqiladi. Har bir band uchun tegishli ball beriladi. Keyingi bosqichda isteʼmolchilarga ishtirokchilarni baholash taklif etiladi, bu ochiq ovoz berish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Ikki bosqich natijalariga koʻra toʻplangan ballar jamlanadi va ishtirokchilarning reytingdagi oʻrni aniqlanadi.

Reyting doimiy asosda shakllantiriladi va Agentlik rasmiy veb-saytida joylashtirilib boriladi (https://consumer.uz/).

Mazkur reyting oʻz faoliyatida isteʼmolchilar huquqlarini ustuvor hisoblagan tadbirkorlik subyektlari ishini baholashning toʻgʻri va sifatli yoʻli boʻlib xizmat qiladi.

Maʼlumotda keltirilishicha, Agentlik tomonidan 2020-yili 21,4 ming murojaat koʻrib chiqilgan. 4 million isteʼmolchining huquqlari tiklandi. 54,7 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ isteʼmolchilarga qoplandi. 2021-yilning oʻtgan 4 oyida Agentlik 11 mingdan ortiq murojaatlarni koʻrib chiqib, 2,8 milliondan ortiq isteʼmolchilarning huquqlari himoya qilindi va 53,3 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ qoplandi.

2020-yilda Korzinka supermarketlar tarmogʻining faoliyati yuzasidan dastlab 19 ta, 2021-yilning 4 oyida – 15 ta shikoyat tushgan. Oʻtgan yilda 12 ta va bu yilda tushgan 14 ta shikoyat Makro tarmogʻiga tegishli boʻlsa, HAVAS tarmogʻi boʻyicha esa oʻtgan yilda 7 ta va joriy yilda esa 3 ta shikoyat qilingan. Tadbirkorlarning masʼuliyatini oshirish va isteʼmolchilarga xolis baho berish boʻyicha ishlarni davom ettirish uchun Agentlik isteʼmolchilar huquqlarining ustuvorligini taʼminlaydigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar reytingini joriy etmoqda.