Tadbirkorlik subyektlari takliflari tahlil etildi

    Agrosektor 20 Dekabr 2022 964

    Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va boshqa bir qator mutasaddi vazirlik va idoralar ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.

    Tadbir hamkorlikda goʻsht, sut va tuxum yetishtiruvchi tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni muhokama qilish va ushbu mahsulotlarni tannarxini tushirish masalalarini muhokama qilishga qaratildi.

    Davra suhbati davomida chorvachilik va parrandachilik sohasini yanada rivojlantirish va ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida tadbirkorlik subyektlarining muammolarini oʻrganish, ularni bartaraf etish hamda muammolar yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

    Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ishtirokchilarni chorvachilik va parrandachilik sohasidagi tadbirkorlarning muammolarini aniqlashga, takliflar berishga, hamda ularni shakllantirishda faol ishtirok etishga chaqirdi.

    — Chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirishda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, ekin maydonlaridan unumli foydalanish orqali mahsulotlarimizni koʻpaytirish asosiy masalalardan biri hisoblanadi, — dedi Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov. — Goʻsht, sut, tuxum mahsulotlarining koʻpayishi ularning tannarxi arzonlashishiga xizmat qiladi. Buning uchun yerlarni oʻzlashtirish, moyli ekinlar yetishtirish samaradorligiga erishishimiz kerak.

    Taʼkidlash joizki, oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin koʻtarilmasligi bozor mexanizmlarining barqaror ishlashiga xizmat qilyapti.

    Goʻsht, sut, tuxum kabi mahsulotlar aholining kundalik isteʼmol xarajatlarining 30 foizini tashkil qiladi. Boshqa sohalarda boʻlgani kabi chorvachilikda ham hosildorlikni oshirish va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida innovatsiyalar joriy etilyapti.

    Respublikada xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablagʻlarini jalb etish boʻyicha ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bilan veterinariya, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha toʻqqizta loyiha amalga oshirilyapti.

    Zoom konferensiya orqali Savdo-sanoat palatasining 14 ta hududiy boshqarmalaridan 150 ga yaqin ushbu sohadagi tadbirkorlar qatnashdi.

    Mazkur tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad tadbirkorlar bilan ushbu sohadagi muammolarni ochiq muhokama qilish va konstruktiv yechimlarni izlash uchun platforma yaratishdan iborat.

    Davra suhbatida aniqlangan muammolar yuzasidan tadbirkorlik subyektlaridan tushgan takliflar tahlil etildi, muammolarning aksariyati tegishli vazirlik va idoralar tomonidan hal etildi, ayrim masalalar boʻyicha esa topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.