Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish masalalari muhokama etildi

    Ijtimoiy hayot 20 Dekabr 2021 1172

    Joriy yilning 11 oyi davomida Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan 24 ming 221 tadbirkorlik subyektlari roʻyxatdan oʻtkazilgan.

    Ayni kunlarda Fargʻona viloyatida jami 81 ming 986 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatadi. Ularning 25 mingdan ortigʻi yakka tartibdagi tadbirkorlar, 56 ming 658 tasi yuridik koʻrinishga ega tadbirkorlar hamda 294 tasi xorijiy korxonalar hisoblanadi.

    Davlat xizmatlari markazlari tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi yagona vakolatli tashkilot. Ish jarayonlarida markazlarda bir kunda yuzlab tadbirkorlik subyektlariga rasmiy maqom beriladi, mulkiy-huquqiy munosabatlar roʻy beradi, qayta roʻyxatdan oʻtkaziladi.

    Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan davlat xizmatchilari uchun “Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish masalalari” mavzusida onlayn oʻquv seminar tashkil etildi.

    Onlayn seminar davomida yangi ochilgan yuridik subyektlarga nom berishdan tortib, mulkiy munosabatlar, ulushlar, MCHJ larini tashkil etish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish, hujjatlarni qabul qilish va eʼtibor berilishi kerak boʻlgan muhim jihatlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtildi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Fargʻona viloyatidagi barcha tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 2019-2020-yillarda qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslarning hujjatlari Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali toʻliq qayta oʻrganib chiqilgan.

    DXA Fargʻona viloyati boshqarmasi matbuot xizmati.