Tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 3 Oktabr 2022 6787

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF–60-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2022-yildagi “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

    1. Belgilansinki, 2022-yil 1-noyabrdan boshlab:

    bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati oʻtgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qoʻllanilmaydi;

    eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq solinadigan bazani kamaytirish koʻrinishidagi imtiyozlar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qatʼi nazar qoʻllaniladi;

    qovun (TIF TN kodi 1207 70 000 0), kanakunjut (TIF TN kodi 1207 30 000 0), xantal (TIF TN kodlari 1207 50 100 0, 1207 50 900 0) va maxsar (TIF TN kodi 1207 60 000 0) urugʻlari eksportiga ruxsat beriladi.

    2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining eksportchi korxonalarni ochiq tanlov orqali saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturini (keyingi oʻrinlarda – Dastur) amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    Bunda, Dastur doirasida eksportchi korxonalarni saralab olish quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:

    eksportchi korxonalar yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan hamda kamida soʻnggi ikki yil davomida faoliyat yuritayotgan boʻlishi;

    oxirgi 12 oy mobaynida eksport qilingan tayyor mahsulot summasi 1 million AQSH dollaridan ortiq boʻlishi;

    umumiy tushum hajmida eksportdan tushum ulushi 30 foizdan yuqori boʻlishi;

    eksportga chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar turi 2 tadan ortiq boʻlishi;

    oxirgi 12 oy mobaynida eksport geografiyasi, qoʻshni davlatlarni inobatga olmagan holda, 2 ta mamlakatdan ortiq boʻlishi;

    oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmida muddati oʻtgan debitor qarzdorlikning ulushi 5 foizdan kam boʻlishi.

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi korxonalar roʻyxati mazkur mezonlarga muvofiq Eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlash yagona portalida (www.exportportali.uz) onlayn tartibda avtomatik tarzda reyting asosida shakllantirilishi va har 6 oy mobaynida yangilab borilishini taʼminlasin.

    3. Quyidagilar:

    a) Dasturning bosqichma-bosqich 200 ta (reyting asosida birinchi bosqichda 50 ta, 2023-yil 1-yanvardan boshlab 100 ta, 2023-yil 1-iyuldan boshlab 200 ta) eksportchi korxonalarni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash va ularni ragʻbatlantirish orqali amalga oshirilishi;

    b) Dasturga kiritilgan eksportchi korxonalar:

    eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshirganda nol darajali qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi qoʻllanilishi natijasida hosil boʻlgan soliqning oshib ketgan qismi ularning murojaatiga asosan tezlashtirilgan tartibda 7 kun ichida toʻliq qaytarib berilishi;

    aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun kredit olishida tijorat banklariga eksport shartnomalarini garov taʼminoti sifatida qabul qilish tavsiya etilishi;

    Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan eksportoldi
    va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirishi uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda:

    eksport hajmi 1 million dollardan 5 million dollargacha boʻlganda – 1 million dollargacha;

    eksport hajmi 5 million dollardan 10 million dollargacha boʻlganda – 2 million dollargacha;

    eksport hajmi 10 million dollardan 15 million dollargacha boʻlganda – 3 million dollargacha;

    eksport hajmi 15 million dollardan 20 million dollargacha boʻlganda – 4 million dollargacha;

    eksport hajmi 20 million dollardan ortiq boʻlganda – 5 million dollargacha miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratilishi;

    bitta xalqaro standartni joriy qilish va sertifikatni olishi uchun ularga 30 ming AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda moliyaviy yordam taqdim etilishi;

    biznes jarayonlar, eksport hajmini oshirish va marketing tadqiqotlarini amalga oshirishi uchun xorijiy maslahatchilar jalb qilinishi belgilab qoʻyilsin.

    4. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar respublikaning har bir hududidan eng salohiyatli 100 ta mahalliy korxonaning tashqi bozorlarga chiqishiga yoʻl ochib berish maqsadida “tadbirkordan – eksportyorgacha” tamoyili asosida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib tasdiqlasin hamda uning ijrosini nazorat qilib borsin.

    5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

    6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

    Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonuniga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin;

    qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A.Xodjayev zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2022-yil 30-sentyabr