Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “Future” MCHJ (nomi o'zgartirilgan) unga tegishli yer maydoni olib qo'yilganligidan norozi bo'lib Biznes-ombudsman devoniga murojaat qildi.
Ma'lum bo'lishicha, “Future” MCHJga kovrak mahsuloti yetishtirish uchun Dehqonobod tuman hokimining qarorlari bilan jami 995,6 gektar yer maydoni ijaraga berilgan. Ammo keyinchalik hokim yer ijara shartnomasini bir taraflama bekor qilish to'g'risida qaror qabul qilgan va natijada tadbirkor ijaraga olingan er maydonining bir qismidan mahrum bo'lgan.
Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o'zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.
Ushbu holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan “Future” MCHJ manfaatida Qarshi tumanlararo va Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudlariga kiritilgan shikoyatlar rad qilingan. Shunga ko'ra, mazkur sud qarorlari yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan Oliy sudga kassatsiya shikoyati kiritilgan va natijada quyi instansiya sudlarining qarorlari bekor qilinib, Dehqonobod tuman hokimining “Future” MCHJ manfaatiga zid tarzda qabul qilingan qarorining Jamiyatga tegishli qismi haqiqiy emas deb topildi.