Bularning barchasi joriy yil boshidan savdo va xizmat koʻrsatish sohasiga onlayn nazorat kassa mashinalarini bosqichma bosqich tatbiq etilishining samarasidir. Dastlabki bosqichda alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz yoqilgʻisi savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari onlayn nazorat kassa mashinalariga oʻtkazildi.

Buning huquqiy asoslari Prezidentimizning 2019-yil 6-sentyabrdagi “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan belgilangan. Unga koʻra hisob-kitoblarning shaffofligini yana-da oshirish, naqd pul mablagʻlarining xufiyona aylanishini qisqartirish orqali byudjet daromadlariga qoʻshimcha manbalarni jalb etishga xizmat qiluvchi yangi zamonaviy avtomatlashtirilgan tizim yaratildi.

Ushbu tizim joriy yil 1-yanvardan boshlab savdo va xizmat koʻrsatish sohalariga bosqichma bosqich joriy qilinib kelyapti. Maqsad raqamli iqtisodiyotni hayotga tatbiq etish orqali aholining yashash darajasini yana-da yaxshilashga xizmat qilish.

— Biz joriy yil yanvar oyidan buyon onlayn nazorat kassa mashinasidan foydalanyapmiz, — deydi Guliston shahridagi “Botirbek farm” xususiy korxonasiga qarashli dorixona ish yurituvchisi Xamida Saynazarova. — Ushbu texnikadan foydalanishga oʻtganimizdan soʻng amaldagi fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat kassa mashinasini ishlatish, kassir operatori tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish, ish kuni oxirida nazorat-kassa mashinasi boʻyicha kunlik hisobotni (Z-hisobot) chiqarib olish majburiyatlari bekor qilingani ham yana bir qulaylik boʻldi.

Tadbirkorlik subyektlari onlayn-nazorat kassa mashina yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan taqdirda, ularga hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan foyda soligʻi yoki yagona soliq toʻlovi yoxud qatʼiy belgilangan soliq summasini onlayn-NKMni 2021-yil 1-yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatga qoʻyish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, oʻrnatish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga kamaytirish huquqi beriladi. Biroq bunda bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmasligi kerak.

Onlayn nazorat kassa mashinalarining hayotga tatbiq etilishi isteʼmolchilar uchun ham bir qancha qulayliklarni yaratadi. Har birimiz kundalik yumushlar bilan turli savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida savdo-sotiq ishlarini amalga oshiramiz. Biroq, xarid qilingan tovarning miqdori, qiymati yaʼni summasi, qolaversa boshqa maʼlumotlarini bilmaymiz. Shu sababdan ham mamlakatimizda savdo va xizmat koʻrsatish sohasida hisob-kitoblarning shaffofligini yana-da oshirish maqsadida onlayn nazorat kassa mashinalari amaliyotga keng tatbiq etilmoqda.

Maqsad — soliq toʻlovchilar bilan muloqotni shaffof va oʻzaro hamkorlik tamoyillari asosida yoʻlga qoʻyish, ularga yaqin koʻmakchi boʻlish.

Dilshod Doniyarov,

Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi

Sayyor soliq tekshiruvi boʻlimi boshligʻi.