Nonning azizligini koʻp taʼriflaymiz-u, ammo non yopiladigan tandir va uni yasaydigan tandirpaz ustalar haqida koʻpam oʻylab koʻrmaymiz. Bugungi maqolamiz vobkentlik tandir ustalari haqida.
Buxoro viloyatining Vobkent tumani sayyohlik salohiyati yuqori hududlardan. Bu goʻsha Buxoro shahridan 20 kilometr uzoqlikda, xalqaro magistral yoʻli boʻyida joylashgan.
Tuman gilamdoʻzlari, misgar-kandakorlari, soʻzanadoʻz-kashtadoʻzlari, qandolatchi-holvapazlari, ganchkor, duradgor, usta naqshinkorlari, kosib va kulollari bilan dong taratgan. Shu bilan birga, vohada asrlar mobaynida shakllanib kelgan kulollik sanʼati, tandirsozlik alohida oʻrin tutadi. Bugungi kunda ham tandir xalqimiz tarixining, madaniyatining bir qismi sifatida eʼzozlanadi.
Tuman mahallalaridan biri Kulolchi deb nomlanadi. Mahalladagi deyarli har bir xonadonda kulol ustalar yashaydi. Ota meros kasbni davom ettirib kelayotgan Shavkat Fatullayev ham toʻrtinchi avlod kulollar oilasining kenja vakili.
Hozir yiliga yuzlab tandir yasayotgan usta Shavkat Fatullayev nafaqat mahallaning, balki viloyatning eng zoʻr tandirpazlaridan.
— Har qaysi kasb-korning oʻziga yarasha zahmati boʻladi. Esimni tanibmanki, shu hunar ortidan, roʻzgʻorimni tebratib, orzu-havasimizni koʻrib kelyapmiz, — deydi Shavkat Fatullayev. — Bobom rahmatli “Halol mehnatga nima yetsin, mehnatdan kelsa boylik, turmush boʻlar chiroylik”, degan maqolni tandir yasayotib qayta-qayta takrorlardi. Endi olib oʻylab koʻrsam, dono oʻgit bejiz aytilmagan ekan. Bir qaraganda, bu baʼzilar uchun juda oddiy va oson koʻrinadi. Ha, endi loyni olib, yaxshilab tepkilab, tandir yasayverish mumkin-da, deguvchilar ham koʻp. Ammo tandir yasash alohida bir sanʼat. Buning uchun shoʻrlanmagan, alohida minerallarga ega shirali gil tuproq kerak boʻladi. Tuprogʻimiz shoʻr boʻlgani uchun ham loyga alohida ishlov beramiz.
Ustaning taʼkidlashicha, bitta tandirni yasash uchun 6-8 soat vaqt ketadi. Soʻng uni soyada saqlash, oftobda quritish uchun 3-4 kun kerak. Kulol bir dona katta tandir yasash uchun 200 kilogramm gil tuproqqa obdon ishlov beradi.
Bir maromda borayotgan tandirsozlik ishidan usta har oy 6-7 million, yiliga esa 70 million soʻm sof daromad topadi.
Koʻrinib turibdiki, ustaning oilasi tinch, dasturxoni toʻkin, roʻzgʻori badastir. Halol mehnati, sof peshona teri evaziga el ichida obroʻsi ham baland. Ayni kunlarda ustaning va ikki shogirdining qoʻli qoʻliga tegmaydi.
Fatullayevlar oilasi birgina tandirsozlik bilan cheklanib qolgani yoʻq. Mehnatkash xonadon hovlisida zotdor qoramollar parvarishlanmoqda. Birgina nasldor sogʻin sigirining oʻzi kuniga 20 litr sut berayotgan boʻlsa, boqib goʻshtga topshirilayotgan novvoslaridan ham yaxshigina daromad koʻradi.
Darhaqiqat, tadbirkorlik bilan ish koʻrayotgan inson borki, birovdan kam boʻlayotgani yoʻq. Intilib, izlanib, halol mehnat qilib, peshona teri orqali oʻz ezgu maqsadlariga erishayotgan insonlarning uyida halovat, topganida esa baraka boʻladi.
Shuhrat SHARIPOV,
jurnalist