Tadqiqot: Tunda yorqin chiroq nuri qandli diabet rivojlanish xavfini oshiradi

    Tunda chiroqning yorqin nuridan saqlanish 2-tur qandli diabet rivojlanish xavfini kamaytiradi. Avstraliyaning Flinders universiteti olimlari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot yakunida shunday xulosaga kelindi.

    Izlanish davomida mutaxassislar tomonidan 85 ming nafar ishtirokchining maʼlumotlari tahlil qilindi. Yorugʻlik sensorlari orqali qayd etib borilgan 13 million soatlik maxsus yozuvlar oʻrganildi.

    Buning uchun diabetning 2-turi bilan ogʻrimagan koʻngillilar bir hafta davomida maxsus qurilmani bilaklariga taqib yurishdi. Shundan soʻng toʻqqiz yil davomida ularning salomatlik koʻrsatkichlari monitoring qilib borildi.

    Yakunda yorugʻlik taʼsiri va 2-tur qandli diabetning rivojlanish xavfi oʻrtasida sezilarli bogʻliqlik mavjudligi aniqlandi. Tunda yorqin chiroq nuri insulin sekretsiyasi va glyukoza metabolizmiga taʼsir qilishi maʼlum boʻldi.

    Tadqiqotchilarning “The Lancet Regional Health — Europe” tibbiy jurnalida eʼlon qilingan xulosasiga koʻra, eng yuqori xavf darajasi tungi 00:30 dan tonggi 06:00 gacha kuzatiladi. Ammo kunduzgi yorugʻlik salomatlik uchun ziyon yetkazmaydi.