Mazkur chempionat joriy yil 20-21-fevral kunlari poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” sport majmuasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Chempionatda ishtirokchilar taekvando ITFning massogi yoʻnalishi boʻyicha oʻzaro bahslashadilar. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Oʻzbekiston taekvondo ITF milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan ushbu musobaqada 1100 nafardan ortiq sportchilar gʻoliblik uchun kurash olib borishi kutilmoqda.
Mamlakatimizda taekvando ITFni ommalashtirish, mashgʻulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish, xalqaro maydonlarda yuksak natijalar koʻrsatishga qodir isteʼdodli sportchilarni seleksiyasi qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda taekvando ITF sporti yuksalish pillapoyalari sari dadil odimlamoqda.
Dam olish kunlari oʻtkaziladigan musobaqadan koʻzlangan asosiy maqsad, 2021-yil avgust oyida Xitoyda oʻtkazilishi rejalashtirilgan XXII jahon chempionatida ishtirok etuvchi milliy terma jamoa tarkibini yana bir bor koʻrikdan oʻtkazish hamda tarkibga yangi, iqtidorli sportchilarni jalb etishdan iborat.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati