Kitobda maʼnaviyat hodisasi tarix va bugun, Yangi Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish jarayonida inson, xalq va jamiyat taraqqiyoti, milliy hamda umumbashariy qadriyatlar tahlil qilinib, zamonaviy bilimlar asoslangan holda yoritilgan. Kitob 15 ming nusxada “Maʼnaviyat” nashriyotida chop etilib, barcha taʼlim muassasalari, kutubxonalar, vazirlik va idoralarga bepul tarqatiladi.

– Bugun dunyoning katta-katta hududlari maʼnaviyatsizlik olovida yonyapti. Ularning alangasi juda baland va boshqa mamlakatlar maʼnaviyatini ham xavf ostiga qoʻymoqda. Ana shu olovni dengiz bilan oʻchirish mumkin boʻlsa, bu kitob dengizdan bir tomchi. Prezidentimiz tashabbusi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligida chop etilgan bu toʻplam hayrli ishlarimizning navbatdagi mahsulidir, – dedi falsafa fanlari doktori, professor Qiyomiddin Nazarov.

Taqdimot OAV xodimlarining kasb bayrami arafasida tashkil etilgani munosabati bilan yigʻilganlar yurtimizda inson manfaatlari yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlarni keng jamoatchilikka yetkazishda jurnalistlarning oʻrni haqida ham soʻz yuritdilar. Jurnalistlarning Vatanimiz Mustaqilligini mustahkamlash, yurtimizda kechayotgan ulkan oʻzgarish va yangilanishlarni milliy va xalqaro darajada keng jamoatchilikka yetkazish, xolis va haqqoniy axborot tarqatish borasidagi sharafli va masʼuliyatli faoliyati eʼtiborga loyiqligi qayd etildi.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan keyingi yillarda mamlakatimizda soʻz erkilgini taʼminlash, ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish, sohaning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotda munosib oʻrin egallashini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani alohida taʼkidlandi.

Tadbirda mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni milliy va xalqaro darajada keng jamoatchilikka yetkazishda munosib hissa qoʻshib kelayotgan faol jurnalistlar hamda soha fidoyilari boʻlgan faxriy jurnalistlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tadbir sanʼat ustalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Munojat Moʻminova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri