Tahlil: hududlarning aprel oyidagi ishbilarmonlik faolligi aniqlandi

    Oʻzbekiston hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan har oyda tezkor maʼlumotlar asosida hisoblab chiqiladi.

    Monitoring natijalari shuni koʻrsatdiki, joriy yilning aprel oyida respublika soliq tushumlari hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 9,0 foizga oshgan.

    Jumladan, Jizzax (40,4 foiz), Sirdaryo (34,5 foiz), Toshkent (28,5 foiz), Samarqand (25,8 foiz) va Navoiy (24,6foiz) viloyatlarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (15,6 foiz) va Toshkent (19,5 foiz) shahrida soliq tushumlarining sezilarli oʻsishi qayd etildi.

    Soliq tushumlari oʻsishiga asosan faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni koʻpayishi taʼsir koʻrsatdi. Ular soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga oshdi. Soliq tushumlari manbalari boʻyicha daromad soligʻi 29,9 foizga, mol-mulk soligʻi 35,4 foizga va yer soligʻi 24,9 foizga oʻsdi.

    Tahlil qilinayotgan davrda bojxona toʻlovlari boʻyicha tushumlar oʻtgan yilning aprel oyiga nisbatan 21,4 foizga oshdi. Bojxona tushumlarining eng katta oʻsishi Surxondaryo (59,7 foiz), Jizzax (34,7 foiz), Samarqand (29,3 foiz), Toshkent (25,2 foiz), Fargʻona (16,7 foiz) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (29,5 foiz) va Toshkent (38,9 foiz) shahrida kuzatildi.

    Bojxona tushumlari oʻsishi asosan mahsulot turlari, shu jumladan, metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar, transport uskunalari, elektr jihozlari va ularning butlovchi qismlari, texnik jihozlar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha oʻtgan yilning shu davriga nisbatan importning qariyb 19,7 foizga oʻsishi bilan bogʻliq.

    Joriy yil boshidan buyon tovarlar eksporti hajmi 1,2 foizga kamaydi. Eksportning eng katta pasayishi Fargʻona (26,2 foiz), Jizzax (13,4 foiz), Toshkent (10,1 foiz) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (23,8 foiz) qayd etildi.

    Eksport hajmi pasayishi asosan ip-kalava va toʻqimachilik, meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari, metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar eksporti kamayishi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa plastmassa va ulardan tayyorlangan buyumlar, shuningdek, ip-kalava eksporti kamayishi bilan bogʻliq.

    Eksport hajmining eng katta oʻsishi Sirdaryo (34,5 foiz), Xorazm (29,2 foiz) va Andijon (12,4 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

    Eksport hajmi oʻsishi oziq-ovqat, sanoat mahsulotlari, kimyoviy moddalar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportining oʻsish surʼatlari bilan izohlanadi.

    Tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi yil boshidan buyon oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 17,3 foizga oʻsdi.

    Kreditlar berishda Jizzax (74,7 foiz), Navoiy (38,1 foiz), Sirdaryo (35,5 foiz), Qashqadaryo (29,6 foiz), Xorazm (28,4 foiz) viloyatlarida va Toshkent shahrida (21,8 foiz) sezilarli oʻsish qayd etildi.

    Tahlil qilinayotgan davrda Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 12,1 foizga oʻsdi. Birja faolligining sezilarli oʻsishi Sirdaryo (57,9 foiz), Qashqadaryo (49,7 foiz), Samarqand (27,0 foiz) va Andijon (21,7 foiz) viloyatlarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (33,0 foiz) va Toshkent (10,8 foiz) shahrida kuzatildi.

    Ushbu hududlarda bitimlar hajmi oʻsishi bugʻdoy uni, bugʻdoy, dizel yoqilgʻisi, paxta tolasi, mineral oʻgʻitlar, texnik chigitlar, avtomobil benzini, suyultirilgan gaz, qurilish va xoʻjalik materiallari, shakar, qora va rangli metallarni prokatlash, polietilen va boshqalar kabi tovarlarni sotishni koʻpaytirish orqali taʼminlanadi.

    Tahlil qilingan davrda 30 ming 497 yangi xoʻjalik yurituvchi subyekt tashkil etildi, ularning eng koʻp soni Samarqand (2831), Fargʻona (2816), Qashqadaryo (2597), Toshkent (2508), Buxoro (2019) viloyatlari va Toshkent shahrida (5750) roʻyxatga olingan.

    Muhammadjon Rashidov,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi