Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Tailand oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish va hududlararo munosabatlarni oʻrnatish masalalari muhokama qilindi.
Tailand tomoniga mamlakatimizda xorijiy investorlar va xalqaro savdo uchun yanada qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Oʻzbekiston va Tailand oʻrtasida oʻzaro savdoni rivojlantirish, sayyohlarni jalb etish maqsadida ularga turli imtiyozlar taqdim etish boʻyicha rejalar taʼkidlandi.
Krabi provinsiyasi gubernatori, oʻz navbatida Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. U, shuningdek, Krabi provinsiyasi va Oʻzbekiston hududlari oʻrtasida barcha sohalarda, birinchi navbatda turizm va savdo yoʻnalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Oʻzbekiston vakillari, shuningdek, Krabi provinsiyasi Savdo-sanoat palatasi, Krabi xalqaro aeroporti va OAV vakillari bilan muloqot qildilar.
Uchrashuv davomida Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Oʻzbekistonning jahon sivilizatsiyasi rivojidagi oʻrni va mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazildi.
Boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunida Fargʻona va Krabi oʻrtasida birodarlashgan viloyatlar toʻgʻrisidagi memorandumni ishlab chiqish va imzolash, oʻzaro sayyohlar oqimini oshirish, provinsiya mutasaddilari va ishbilarmon doiralari vakillarining Oʻzbekistonga tashrifini uyushtirish va boshqa jabhalarda oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida kelishib olindi.