Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarni himoya qilish qoʻmitasi tomonidan taksi agregatorlari xizmatlari bozorida oʻrganishlar oʻtkazganini maʼlum qildi. 

Taʼkidlanishicha, respublika boʻyicha jami 66 ta faoliyat yuritayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt (korxona)dan, shundan 58 tasi dispetcherlik xizmati va 8 tasi mobil ilova orqali agregator xizmatini koʻrsatayotgani maʼlum boʻldi.

Tahlillar natijasiga koʻra, bozor ulushlari va koʻrsatilgan xizmatlari yuzasidan faoliyat yuritayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar ichida eng katta bozor ulushi yaʼni 86,3 foiz“Yandex Go” platformasi xissasiga toʻgʻri kelishi aniqlandi.

Shuningdek, bozorning konsentratsiyasi yuzasidan mazkur xizmat bozorida sanoqli ishtirokchilar jami xizmatning asosiy qismini koʻrsatayotganini va bu bozordagi holat, jumladan xizmat narxi va sifatiga bir tomonlama taʼsir koʻrsatish xavfi mavjudligi ham tahlil jarayonida aniqlangan.

Oʻzbekiston Respublikasidagi “Yandex Go” ilovasi orqali koʻrsatilgan taksi xizmatlarining 2022-yildagi moliyaviy natijalari yuzasidan rasmiy statistik maʼlumotlar Ridetech International B.V. kompaniyasi (Niderlandiyada roʻyxatdan oʻtgan) tomonidan taqdim etilgan.

Joriy yil 1-dekabrdan boshlab “Yandex Go” platformasining agregatorlik xizmatlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida soliq rezidenti –“YandexGo UB” MCHJ yuridik shaxs tomonidan taqdim etilishi eʼlon qilindi. 

Ridetech International B.V. kompaniyasi “YandexGo UB” MCHJ bilan yagona (umumiy) iqtisodiy manfaatga ega boʻlgan shaxslar hisoblanib shaxslar guruhi sifatida, bozorning yagona subyekti sifatida qaraladi.

Yuqoridagilarga muvofiq, joriy yil 4-dekabr kuni Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasiga asosan “YandexGo UB” MCHJ yoʻlovchilarni tashish (taksi) uchun buyurtmalarni joylashtirish va taksi xizmatlarini koʻrsatishga imkon beruvchi vositachilik (agregator) xizmatlari bozorida ustun mavqega ega xoʻjalik yurituvchi subyekt deb eʼtirof etildi.

Qoʻmita ushbu bozorda barcha ishtirokchilari tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning raqobatga qarshi kelishuvlarni va muvofiqlashtirilgan harakatlarni, insofsiz raqobatiqtisodiy konsentratsiya, ustun mavqeini va ustun muzokara kuchini suiisteʼmol qilish kabi harakatlarni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan tizimli ravishda monitoring olib borishini maʼlum qildi.