1990-yili OʻzMU (avvalgi ToshDU)ning jurnalistika fakultetini tugatganimdan buyon 31 yildirki, matbuot sohasida mehnat qilaman. Oʻylab koʻrsam, gazetchilikka mehrim tushganiga qirq yilga yaqinlashib qolibdi. Sababi, gazeta oʻqish, ijodkor tengdoshlarimiz singari tez-tez matbuotda ishtirok etib turishga qiziqish 6-7 sinfda oʻqib yurgan kezlarimdan boshlangan. Oʻshanda ilk bor Surxondaryodagi tuman, viloyat gazetalariga, keyinchalik “Gulxan”, “Tong yulduzi” kabi nashrlarga xat-xabarlar yozib turar edim.

Bugun oʻzim kabi ana shunday havaskor yoshlarni koʻrsam koʻzim quvnaydi. Ularga qarata shunday degim keladi: “Sizlar bizdan-da isteʼdodli, baxtlisiz. Bugungi Oʻzbekiston — yangi Oʻzbekiston. Ulugʻ va ezgu maqsadlarni oldiga qoʻygan. Prezidentimiz yoshlarga, kitobxonlikka, sportga, maʼnaviyat-maʼrifatga, ilm-fanga juda katta eʼtibor qaratmoqda. Nima uchun? Chunki porloq ertamiz ana shu omillarga bogʻliq. Prezidentimiz har bir mahalla, qishloq obod boʻlsin, deb jon kuydirmoqda. Zero, har bir yurtdoshimizning buguni va ertasi, kelajagi toʻkis, farovon boʻlishi, Oʻzbekiston jahondagi eng taraqqiy etgan davlatlar bilan boʻylasha olishi va qudrati yana-da oshishi, bu ulugʻ maqsadimizning muddaosidir”.

Muallim va muharrir millatning ikki koʻzidir, deya naql qilgan edi Behbudiy bobomiz. Chunki jadid bobolarimiz erk va istiqlol, adolat va haqiqat yoʻlini, unga erishish soʻqmogʻini taʼlim va matbuotdagina koʻrishgan va shu asos, fikr boʻyicha harakat qilishgan. Taʼliimni yuksaltirib, axoli maʼnaviyati, ilm-fanini rivojlantirish, matbuot orqali esa erkka, xurlikka erishishni niyat qilishgan edi.

Yurtimizda keyingi toʻrt yilda yuz bergan oʻzgarishlarni kuzatib turib, Prezidentimizning olib borayotgan izchil siyosatlari bilan ana shunday ulugʻlik, jonkuyarlikning hamohang ekanligiga guvoh boʻlamiz.

“Bitta narsani bilib qoʻyinglar, bu ochiqlik hech qachon orqaga qaytmaydi”, dedi davlatimiz rahbari. Bu matbuot ahliga kuch, ishonch bermoqda. Men bugun bir jurnalist sifatida avvalo oʻzimga, qolaversa, hamkasblarimga, chop etgan har bir satrimiz, aytayotgan har bir soʻzimiz xalqimizga, jamiyatimizga faqat ezgulik va koʻtarinki kayfiyat olib kelsin, deb tilak bildirgim keladi. Xabar yetkazish va sensatsiya oʻz yoʻliga. Zero, yuksak maʼnaviyat, chuqur tahlil va goʻzal badiiyat milliy jurnalistikamizning doim bosh mezonlari boʻlib kelgan. Ayniqsa, bugun butun dunyo miqyosida axborot xurujlari avjga chiqqan pallada jurnalistika sohasi oldidagi masʼuliyat bir necha barobarga oshishi har bir jurnalistdan gʻoyat hushyorlik, kasbiga sodiqlikni talab etadi. Ming shukrki, oramizda mana shunday jurnalistlarimiz koʻplab topiladi.

Bugun men kabi koʻplab hamkaslarim masʼuliyatli kasbi sharofatidan iftixor, gʻurur tuyib turgani aniq. Zero, oʻzim ham gʻoyat hayajondaman. Prezidentimiz, xukumatimiz tomonidan bildirilgan yuksak ragʻbat, eʼtirofdan benihoya xursandman.

Albatta, “shirin azob”, “fidoyilik” deb nisbat beriladigan ijodiy jarayon oson ish emas. Yozish qiyin, yaxshi yozish esa yana-da qiyin. Jurnalistning fidoyiligini va mehnatini qadrlayotgan, matbuot ahliga tayanch boʻlayotgan Prezidentimizga tashakkur!

Abdirasul JUMAQULOV,

“Hurriyat” mustaqil gazetasi bosh muharriri,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi