Kompaniya mamlakatning yirik korxona va xoʻjaliklariga dunyoning turli mintaqalari va hududlaridan iqtidorli talabalarni saralab amaliyot va stajirovka oʻtash uchun yuboradi.

Mazkur kompaniya vakili J.Janibekov hamda Germaniyadagi yana bir yirik bogʻdorchilik xoʻjaligi rahbari - “Shneiders Obsthof” boshqaruvi raisi S.Shnayderlar bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga tashrif buyurdi. Mehmonlar universitet rektori, professor Yunusov qabulida boʻldi.

Muloqot davomida talaba-yoshlarning Germaniyada amaliyot va stajirovka oʻtashi shartlari ikki tomonlama muhokama qilindi. Horijlik mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, yozgi amaliyot, dastlab oʻquv rejasiga koʻra, yilning talabalar uchun taʼtil davriga toʻgʻri keladi. Keyinchalik esa, tomonlarning roziligi bilan yilning istalgan davriga oʻzgartirilishi mumkin.

Yoshlar uchun yaratiladigan shart-sharoitlar, yotoq-joy, oziq-ovqat, maosh va ularning salomatligi bilan bogʻliq masalalar, shuningdek, eng muhimi, nazariy bilimlarning amaliyotda sinab koʻrilishi muhokama etildi. Germaniya Federativ Respublikasida talabalarning amaliyot oʻtashi boʻyicha muzokaralar oʻtkazish jarayonida shu kabi muhim jihatlarga eʼtibor qaratildi.

Mehmonlar oʻquv ishlari boʻyicha prorektor A.Elmurodov bilan ham muloqot qildilar. Talaba-yoshlar bilan uchrashuv davomida qishloq xoʻjaligi, biotexnologiya va veterinariya meditsinasi sohalarida dunyoning ilgʻor mamlakatlari safida boʻlgan Germaniyada amaliyot oʻtaydigan oʻzbekistonlik yoshlar qanday imkoniyatlarga ega boʻlishi haqida ham aytildi.

Kompaniya vakili yoshlarga 6 oylik amaliyot hamda bitiruvchilar uchun bir yillik stajirovka taklif etdi.

Reklama