Talabalar oʻzbek jang sanʼatini oʻrganadi

    Uchrashuv davomida talabalar hamda universitet atrofidagi mahalla yoshlarining oʻzbek jang sanʼati bilan muntazam shugʻullanishi uchun shart-sharoit yaratish, musobaqalar tashkil etish va ushbu sport turini yana-da ommalashtirish boʻyicha kelishib olindi.

    Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida oʻzbek jang sanʼatini yana-da targʻib qilish va ular bilan shugʻullanuvchi yoshlar koʻlamini kengaytirish maqsadida hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda universitet rektori Alisher Umarov, Oʻzbek jang sanʼati federatsiyasi raisi Poʻlat Usmonov, Xalqaro jang sanʼati assotsiatsiyasi ijrochi direktori Aziz Joʻraboyev va Oʻzbek jang sanʼati federatsiyasi Toshkent shahri boʻlimi vitse-prezidenti Bekzod Toʻxtasinov ishtirok etdi.

    Uchrashuv davomida talabalar hamda universitet atrofidagi mahalla yoshlarining oʻzbek jang sanʼati bilan muntazam shugʻullanishi uchun shart-sharoit yaratish, musobaqalar tashkil etish va ushbu sport turini yana-da ommalashtirish boʻyicha kelishib olindi.

    Shuningdek, universitetning talabalar turarjoylaridagi yoshlar uchun oʻzbek jang sanʼati boʻyicha oʻquv hamda jismoniy mashgʻulotlarni tashkil etish va oʻzbek jang sanʼati boʻyicha milliy sport festivalini tashkil etishga kelishildi. Ushbu kelishuvlar tomonlar oʻrtasida hamkorlik memorandumi bilan tasdiqlandi.

    Kelgusida imzolangan memorandum asosida hamkorlikni kuchaytirish va oʻzbek jang sanʼatiga qiziquvchi yoshlar safini yana-da kengaytirish belgilandi.