Xususan, mavjud talabalar turarjoylaridagi yashash sharoitini yaxshilash, talabalarni arzon turarjoylar bilan taʼminlash uchun yotoqxonalarda ikki qavatli karovatlar oʻrnatilmoqda, zaruriy maishiy va texnik vositalar yangilanmoqda.

Hozir Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 6 ta talabalar turarjoyi mavjud. Umumiy hisobda ularda 1200 ga yaqin oʻrin mavjud boʻlgan boʻlsa, bugun ikki qavatli yotoqjoylar tashkil etilgani sababli, oʻrinlar soni 1600 dan oshdi. Bu esa, oʻz navbatida, yoshlarning kerakli maishiy va texnik vositalarga talabini kuchaytirdi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari Yusuf Absoatov va TDPU rektori Alisher Umarov Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Muqimiy koʻchasida joylashgan 7-talabalar turarjoyida boʻldi. Vazir oʻrinbosari va rektor talabalar uchun mavjud imkoniyatlar va ularni qiynayotgan muammolarni oʻrgandi.

Vazir oʻrinbosari talabalar turarjoyida joylashgan sportzal, oshxona, yuvinish, dam olish, kompyuter xonalari va kutubxonalar faoliyati bilan ham tanishdi.

Uchrashuv davomida vazirlik va universitet tomonidan talabalar turarjoyiga 60 ta muzlatkich, 20 ta kir yuvish mashinasi va 40 ta dazmol sovgʻa qilindi, deyiladi universitet axborot xizmati xabarida.