Talabalardan umidimiz katta

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 11-yanvar sonida Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor Shavkat Sharipovning “Talabalardan umidimiz katta” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Bugun yurtimizda ilm-fanni rivojlantirish, pirovardida, mamlakatimizni dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqish uchun barcha sohalar qatorida oliy taʼlim tizimida ham ulkan islohotlar olib borilmoqda. Prezidentimizning navbatdagi Murojaatnomasida ham sohadagi oʻzgarishlar tilga olinib, oliy taʼlim tizimining kelgusi taraqqiyoti uchun dolzarb boʻlgan bir qator vazifalar belgilab berildi.

    Ayniqsa, davlatimiz rahbarining oliy taʼlimda sifat bosqichiga oʻtish haqidagi talabi juda oʻrinli boʻldi. Bu borada barcha oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professor-oʻqituvchilari oʻz oldiga tegishli vazifalarni qoʻyib, ijrosiga kirishgani shubhasiz. Jumladan, Jizzax davlat pedagogika universiteti jamoasi ham oʻqitish sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha zarur maqsad va marralarni belgilab oldi.

    Prezidentimizning oʻtgan yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora­-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutiga Jizzax davlat pedagogika universiteti maqomi berildi.

    Ushbu tarixiy hujjat universitet faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-­texnik bazasini mustahkamlash, talabalarga munosib sharoit yaratish, yosh pedagog kadrlarni qoʻllab­-quvvatlashda muhim asosga aylandi. Soʻnggi yillarda mazkur oliygoh oʻqishni niyat qilib, hujjat topshirayotgan abituriyentlar soni boʻyicha eng oldingi oʻrinlarni qayd qilib kelayotganini eslab oʻtish joiz.

    Xususan, joriy oʻquv yilida qariyb 36 ming yigit-­qiz hujjat topshirdi. Ularning eng bilimli va omadlilari 27 ta kunduzgi bakalavriat, 11 ta sirtqi taʼlim, 20 ta magistratura boʻlimida zarur mutaxassislikni egallash imkoniyatiga ega boʻldi. Oʻtgan oʻquv yilida oliygohda oʻquv jihozlari, laboratoriyalarga boʻlgan ehtiyoj toʻliq oʻrganib chiqildi va roʻyxati shakllantirildi.

    Biologiya va kimyo, texnologik taʼlim yoʻnalishlarining oʻquv laboratoriyalariga Osiyo taraqqiyot bankining 45 ming dollarlik mablagʻi hisobidan maxsus jihozlar keltirildi. Joriy yilgi oʻquv mavsumida ham ushbu ishlar davom ettiriladi. Shuningdek, 2023-yilda universitetning byudjetdan tashqari mablagʻi hisobidan 600 oʻrinli talabalar turar joyi barpo etish rejalashtirilgan.

    Taʼlimda ilgʻor xorijiy tajribalar

    Jizzax davlat pedagogika universiteti dunyodagi yetakchi xorijiy OTMlar bilan aloqa oʻrnatib, ular bilan hamkorlikni amalga oshirishda yaqin yillarga moʻljallangan strategiyasini ishlab chiqdi. Uning negizida bir qator samarali ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda. Universitetimizda Angliyaning “Norwich Institute for language education” hamda Portsmut universitetlari, Fransiyaning “INSHEA National Higher Institute for Training and Research on Special needs education” maxsus imkoniyati cheklangan Milliy ilmiy-­tadqiqot instituti, Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-­Peterburg, Qozon, Novosibirsk, Tomsk shaharlaridagi universitetlari, Turkiya, Janubiy Koreya, Polsha, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon davlatlarining oliy taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

    Buning natijasida professor­oʻqituvchilarimiz tajriba almashish maqsadida xorijda boʻlib qaytmoqda. Oʻtgan yil hisobidan 20 nafarga yaqin oʻqituvchimiz Rossiya Federatsiyasi, Angliya kabi davlatlarda ilmiy pedagogik stajirovka oʻtab keldi. Oliygohimizda taʼlimning tegishli yoʻnalish va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv­metodik adabiyotlar yaratish, talabalar va yosh mutaxassislarni jalb qilgan holda, fundamental va ilmiy-­amaliy tadqiqotlar olib borish, taʼlim tizimiga yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari tajribasini joriy etish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

    Kelgusidagi rejalarimizdan yana biri istiqbolli bitiruvchilarni xorijiy oliy taʼlim muassasalariga va ilmiy-­tadqiqot markazlariga tegishlicha bakalavriat, magistratura hamda doktoranturada oʻqishga yuborish orqali universitetning ilmiy-­pedagogik salohiyatini yanada oshirish, pedagogik texnologiyalar va oʻqitish uslub larini takomillashtirishdir.

    Bugun oliygohimiz yuqori malakali professor-­oʻqituvchilar tarkibi, zamonaviy taʼlim texnologiyalari, innovatsion taʼlim dasturlari, jumladan, yetakchi xorijiy universitetlar bilan 2+2, 3+1 kabi qoʻshma dasturlarini joriy etish orqali oʻziga xos xususiyatlarga ega zamonaviy taʼlim muassasalaridan biriga aylanmoqda.

    Havas bilan ekilgan daraxtlar

    Bugungi kunda yashil hududlarni saqlash va kengaytirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi ana shunday ezgu amallardan. 2021-yilning noyabrida jamoamiz bilan Kuyovboshi mahallasi hududida joylashgan matematika va informatika fakultetida “Universitet bogʻi”ni tashkil etdik. Oʻqituvchi va talabalar saʼy-­harakati bilan boqqa archa koʻchatlari oʻtqazildi.

    Davlatimiz rahbari raisligida oʻtgan yili 11-oktyabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini oʻylantirayotgan masalalarni hal etish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan video selektor yigʻilishida 20-oktyabrdan 1-dekabrgacha koʻchat ekish boʻyicha “Dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi. Mazkur aksiya doirasida Jizzax davlat pedagogika universiteti tomonidan hududlarda 11 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt koʻchati ekildi. Shuningdek, universitetimiz talabalari Jizzax shahridagi Bogʻishamol hududida “Talabalar bogʻi”ni barpo etish ustida ham ish olib bormoqda.

    “Dunyo yashilligi va toza nafas uchun mening hissam” shiori ostida oʻtkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida talabalardan iborat koʻngillilar jamoasi yordamida Bogʻishamolda qad rostlayotgan universitetning yangi binosi hamda bosh binosi atrofiga ming tupdan ortiq terak, qayragʻoch, bodom kabi manzarali va mevali daraxt koʻchati oʻtqazildi.

    Iqtidorlilar qoʻllab-quvvatlanmoqda

    Mamlakat taraqqiyotini yoshlarning tashabbuskorligisiz tasavvur qilish qiyin. Shu bois, ularni qoʻllab­-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotir. Oliygohda tahsil olayotgan qariyb 20 ming yigit-­qiz orasidan 770 nafar iqtidorli talaba belgilangan mezonlar asosida saralab olingan. Ularga yuqori natijalarga erishgan salohiyatli professor­oʻqituvchilar biriktirilgan.

    Ayni paytda taʼlim muassasamizda 12 yoʻnalish boʻyicha ilmiy­ijodiy toʻgaraklar faoliyat olib bormoqda. Iqtidorli talabalar koʻplab xalqaro va mahalliy olimpiadalar, turli koʻrik­tanlovlarda ishtirok etib, salmoqli yutuqlarga erishib kelmoqda. Jumladan, joriy oʻquv yilida 13 nafar talabamiz davlat stipendiyalarini qoʻlga kiritgani biz uchun faxrdir.

    Ijara muammosiga yechim

    Bugun yurtimizdagi deyarli barcha oliy oʻquv yurtlarida talabalar uchun turar joy muammosi mavjud. Jizzax davlat pedagogika universiteti bundan mustasno emas. Ayni paytda muassasamizda kunduzgi taʼlimda tahsil olayotgan qariyb 11 ming talabadan 5 mingga yaqini ijara xonadonlarda istiqomat qiladi. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida biz barcha tyutorlarni planshet bilan taʼminladik.

    Natijada ular tomonidan 2022-yilning sentyabr-­oktyabr oylarida 8 mingdan ziyod talabaning turarjoy manzili oʻrganilib, geolokatsiyasi shakllantirildi. Jumladan, 6 ming 569 nafar talaba “yashil”, 1 ming 700 nafari “sariq” hududdagi xonadonlarda yashayotgani aniqlandi, Tyutorlar tomonidan “qizil” hududdagi xonadonlarga joylashgan talabalar “sariq” va “yashil” darajadagi ijara xonadonlarga oʻtkazildi.

    Ayni paytda universitetda 4+2 dasturi asosida oʻqish yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa, oʻz navbatida, nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlaydi. Boʻlajak pedagoglar haftaning 4 kunida oliy taʼlim muassasasida pedagogika, psixologiya, umumtaʼlim fanlari boʻyicha zaruriy bilimni oʻzlashtirsa, 2 kun egallagan bilimini maktab amaliyotida qoʻllash orqali kasbiy layoqatga ega boʻlmoqda.

    Universitetda “Mobil metodik guruh”lar shakllantirilgan. Ular umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻqituvchilarining metodik, ijtimoiy-­pedagogik va psixologik kompetentligini rivojlantirishdan iborat. “Mobil metodik guruhlar” universitetga biriktirilgan Zomin, Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov tumanlaridagi bir nechta maktabda boʻlib, u yerda faoliyat olib borayotgan ona tili va adabiyot, chet tillari, tarix, matematika, fizika, kimyo, biologiya va geografiya fan oʻqituvchilarining bilimini diagnostikadan oʻtkazish va yaxshilashga koʻmaklashdi.

    Ushbu diagnostika natijasidan kelib chiqib, oʻquv yili davomida boʻshliqlarni bartaraf etishga qaratilgan mashgʻulotlarni tashkil etish hamda oʻquvchilarni oliy va kasbiy taʼlimga yoʻnaltirishga qaratilgan targʻibot ishlarini yoʻlga qoʻydi. Oʻquv dargohimizda rivojlangan xorijiy mamlakatlar universitetlari tajribasini oʻrgangan holda “Registrator ofisi” tashkil etildi.

    U fanlarga talabalarni biriktirish va ularning oʻquv davridagi barcha oʻzlashtirish koʻrsatkichlarini qayd qilish, oʻquv faoliyatining kredit-­modul tizimida tashkil etilishini nazoratga oladi. Ushbu markazlashgan tuzilma talabalarga oʻquv jarayonini belgilab olish, fanlarga va imtihonlarga registratsiya jarayonini tashkil etish, HEMIS, Moodle LMS taʼlim platformalari va idoralararo yagona elektron hujjat aylanish tizimidan foydalanishda tegishli maslahat berish, muammolarni hal qilishda yaqindan koʻmaklashadi.

    Muhim yangiliklarimizdan yana biri shuki, oliygohda oʻtgan yilning sentyabr oyidan xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻlimi faoliyat boshladi. Dastlab boʻlim tomonidan xalqaro reyting agentliklari qanday tartibda ish olib borishi, ular universitetlarni qaysi tartibda baholashi oʻrganildi. Jizzax davlat pedagogika universitetiga mos keluvchi reytinglarni aniqlash maqsadida bir qancha reyting agentliklari va ularning oʻlchov indikatorlari oʻrganib chiqildi. Universitetimiz jamoasi va talabalari tomonidan amalga oshirilayotgan har bir ilmiy yondashuv, har bir tadqiqot, erishilgan har bir ijobiy natija toʻgʻri yoʻlda ekanimizdan dalolat beradi. Niyatimiz — harakatdan, izlanishdan toʻxtamaslik. Ana shundagina yuksak marralarni zabt eta olamiz.